Breaking News

Saudiya Arabistoni migrant ishchilarni mamlakatdan haydashda davom etmoqda


Saudiya Arabistonidagi ishchi muhojirlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00
Hukumatning noqonuniy muhojirlarga qarshi keskin choralar qo’llashi ortidan minglab xorijlik ishchilar Saudiya Arabistonini tark etmoqda. Tahlilchilarning aytishicha, hukumat aholi orasidagi 12 foizlik ishsizlik darajasini kamaytirish uchun shunday choraga qo’l urgan.

Saudiya Arabistonidan haydalgan xorijlik ishchilar orasida minglab yamanliklar bor. Noqonuniy muhojirlarga qarshi boshlangan kampaniya ortidan hozirgacha Yamanga jami 65 ming ishchi qaytib keldi.

Ulardan biri Ahmad Aminning aytishicha, muhojirlarga qarshi kurashda yamanliklar alohida nishonga olinyapti.

“Eng ko’p yamanliklarni quvib chiqarishyapti. Vizangizni to’g’rilasangiz ham ishlay olmaysiz. Ishlab topganingiz ish beruvchining hujjatlarini qoplashga yetadi, xolos. Ishchilar idorasi, pasport bo’limi va boshqa narsalarning hammasiga o’z oyligingizdan to’lashingiz kerak”, - deydi u.

Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilot vakili Lilian Ambuskoning aytishicha, qaytib kelayotgan ishchilarning ahvoli yaxshi emas.

“Biz ko’rgan holatlarning aksariyatida ular holsizlangan edi. Chunki ishchilarning aksariyati deportatsiya qilingunga qadar ancha vaqt hibsxonada saqlangan”, - deydi u.

Saudiya Arabistonida xorijlik ishchilar soni 9 million ekani aytiladi. Hukumat shu oydan boshlab qonuniy vizaga ega bo’lmaganlarni deportatsiya qilishni boshladi. Minglab ishchilar o’z ixtiyori bilan mamlakatni tark etmoqda.

Poytaxt Riyodning qashshoqlar yashovchi qismlarida muhojirlar va politsiya o’rtasida to’qnashuvlar yuz berdi. Ularda kamida uch odamning halok bo’lgani xabar qilindi.
Ko’rilayotgan bu choralarning Arab bahori voqealariga aloqasi bor, deydi Londonda joylashgan Chatam tadqiqotlar markazi vakili Jeyn Kininmont.

“Fors ko’rfazi davlatlariga ko’ra, g’alayonlar iqtisodiy muammolarga, ayniqsa, yoshlar orasida ishsizlikning yuqoriligiga javob tariqasida yuz bermoqda. Natijada ular ko’proq pul sarflab, davlat sektori ishlari sonini oshirishga harakat qilayotir. Bu esa muhojir ishchilarni mamlakatdan haydash hisobiga amalga oshmoqda”, - deydi tahlilchi.

“Human Rights Watch” tashkiloti vakili Adam Kuglga ko’ra, ayrim ishchilar o’z vataniga qaytishni istagan taqdirda ham bunday qila olmaydi.

“Agar vaziyat shunchalik yomon bo’lsa, nega ishchilar ketmayapti, deb so’rashingiz mumkin. Muammo shundaki, ular keta olmaydi. Mamlakatni tark etish uchun ular ish beruvchidan hujjat olishi kerak, bu esa juda qiyin”, - deydi u.

Londonlik tahlilchi Kininmont fikricha, xorijlik ishchilarning bo’shab qolgan o’rinlarini to’ldirish oson bo’lmaydi.

“Ulardagi ish malakasiga, hatto oddiy yumush bo’lsa ham, ulardagi ish etikasiga boy saudiyaliklar ega emas. Boshqa masala esa to’lanadigan mehnat haqi. Ish beruvchilar shu paytgacha xorijliklarga, ayniqsa, noqonuniy muhojirlarga juda kam maosh to’lab kelgan”, - deydi u.

Qo’shni yurt Qatarda ham huquq faollari ishchilarning noinsoniy va og’ir sharoitlarda mehnat qilayotganini aytadi. 2022-yilda futbol bo’yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan Doxa ulkan sport inshootlari qurilishida, asosan, muhojir ishchilar mehnatiga tayanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG