Saudiya Arabistoni va Fors ko'rfazi davlatlariga qarashli harbiy samolyotlar Yamanda hutiylarga qarashli manzillarni havodan o'qqa tutgan.
Koalitsiya hujumini xalqaro hamjamiyat e'tirof etgan. Bu - hutiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadini qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan harakat.
Havo zarbalarida poytaxt Sanodagi asosiy aeroport va hududdagi ayrim uylar nishonga olingan.
Shia jangarilar bo'lmish hutiylarni quvvatlovchi Eron amaliyotni Yamandagi inqirozni yanada og'irlashtiradigan "xavfli qadam" deb atadi. Eron rasmiylari ayni paytda bunga javoban harbiy chora rejalanmayotganini bildirmoqda.
Sog'liq bo'yicha mas'ul hutiy rasmiylarining aytishicha, havo hujumlarida kamida 18 odam o'lgan, 24 kishi yaralangan.
Tasdiqlanmagan xabarlarga ko'ra, o'lganlar orasida uch hutiy lideri bor. Mahalliy matbuot guruh yetakchisi Muhammad Ali al-Hutiy jarohatlangani haqida ma'lumot bergan, ammo guruh so'zlovchisi bu xabarni inkor etgan.
Arab ligasi Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya amalga oshirgan hujumlarni to'liq qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.
Iordaniya, Misr va Sudan amaliyotda qatnashganini tasdiqladi. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi esa Islomobod ayni paytda koalitsiyaga qo'shilish bo'yicha Saudiya Arabistoni taklifini ko'rib chiqayotganini bildirdi.
Saudiya Arabistonining rasmiy axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko'ra, Riyod Yamandagi harbiy amaliyotlar uchun 150 ming askar va 100 harbiy samolyot ajratmoqda. Marokash ham koalitsiyaga qo'shilish istagini bildirgan.