Breaking News

Florida xuruji saudiylar orasidagi radikalizm mavzusini o'rtaga chiqardi


Florida shtati Pensakola shahrida otishga yuz bergan hudud, 2019-yil, 6-dekabr
Florida shtati Pensakola shahrida otishga yuz bergan hudud, 2019-yil, 6-dekabr

Floridaning Pensakola shahrida saudiyalik harbiy talaba qo'l urgan xuruj Saudiya Arabistoni harbiylari orasida radikalizm qanchalik ildiz otgani haqidagi savollarni o'rtaga chiqardi.

Qirollik havo kuchlari leytenanti 21 yoshli Muhammad Alshamraniy o'tgan hafta dengiz bazasidagi sinfxonada talabalarga qarata o't ochishi oqibatida uch amerikalik halok bo'ldi va sakkiz kishi yaralandi. Uning o'zi politsiya tomonidan otib o'ldirilgan.

Alshamraniyda radikalizm belgilari ko'ringani va 2016-yildayoq u ekstremistik mafkuraga ega bo'lgani xabar qilinmoqda.

Tekshirish jarayoni

Agar Alshamraniyning ancha oldin radikallashgani haqidagi ma'lumotlar to'g'ri bo'lsa, "tekshiruv jarayoni nimalardan iborat ekani haqida ko'plab savollar o'rtaga chiqadi", - deydi Nyu-Yorkdagi Saufan markazi tadqiqotchisi Kolin Klark.

"Tekshiruv yetarli darajada emas, chunki bu inson ekstremistik qarashlarini bildirgan yoki diniy radikal fikrga ega shaxs sifatida allaqachon aniqlangan bo'lishi kerak edi", - deya qo'shimcha qiladi u.

AQShning Yaqin Sharqdagi yirik ittifoqchisi sifatida Saudiya Arabistoni o'z talabalarini harbiy tayyorgarlik uchun bir necha o'n yillardan beri AQShga jo'natib keladi.

AQSh Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, 2019-yilning o'zida 5500 saudiyalik harbiyga AQShga kelish uchun vaqtinchalik viza berilgan. O'tgan hafta holatiga ko'ra, ayni paytda 852 saudiya fuqarosi Pentagon dasturi bo'yicha AQShda malaka oshirmoqda.

Xuruj ortidan Pentagon saudiyaliklarga sinfxonadan tashqarida mashg'ulot o'tishni taqiqlab qo'ydi.

Shuningdek, AQSh harbiy dargohlariga xorijliklarni qabul qilish paytida o'tkaziladigan tekshirish jarayonini qayta ko'rib chiqish buyurilgan.

Bundan buyon radikallashgan shaxslarning kelib qolishi ehtimolini yo'qqa chiqarish uchun chet ellik harbiylarni tekshirish qoidalari yanada kuchaytirilishi kutilmoqda.

"Tekshirish jarayoniga shaxsning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ko'zdan kechirish ham kiritilishi mumkin", - deydi Klark.

Amerikaga qarshi kayfiyat

Saudiya Arabistoni AQShdan harbiy yordam oladi. Riyod, shuningdek, Amerika qurollarining yirik xaridori. 2013-2017 yillar orasida AQSh sotgan jami qurollarning 18 foizini Saudiya Arabistoni xarid qilgan va bu to'qqiz milliard dollarni tashkil etgan.

Shunday yaqin harbiy hamkorlikka qaramay, deydi tadqiqotchi Grigoriy Gauz, saudiya harbiylari orasida Amerikaga qarshi kayfiyat mavjud.

"Saudiya jamoatchiligi va arab jamoatchiligida bo'lgani kabi, saudiya harbiylari orasida ham ant-amerikanizm kayfiyati bor", - deydi u.

Gauz fikricha, eng muhim savol Amerikaga qarshi kayfiyat emas, balki jihodiy aqida sari radikallashish haqida bo'lishi kerak.

Dindorlik emas, ekstremizm

Ekspertlarning qayd etishicha, saudiya harbiylari orasida dindorlik yuqori bo'lsa-da, bu ularning ekstremizmga moyil ekanini anglatmaydi.

"Saudiya armiyasida ma'lum darajada dindorlik bor, chunki u saudiya jamiyatining bir qismi va bu jamiyat dindor", - deydi Riyodda chop etiladigan "Okaz" gazetasi jurnalisti Abdulloh G'advi.

"Lekin bu Saudiya armiyasida ekstremizm mavjudligini bildirmaydi. Florida ishi favqulodda hodisa", - deya qo'shimcha qiladi u.

Vahhobiylik

Saudiya Arabistoni sunniy islomning radikal shakli bo'lgan vahhobiylik vatani hisoblanadi. "Islomiy davlat" terrorchi guruhi ham e'tiqodda shu oqimga mansubligi aytiladi.

"Saudiya Arabistoni - diniy ekstremizm va radikal mafkurani dunyo bo'ylab ekport qilishda birinchi raqamli davlat. Ora-orada bu ularning o'zlariga yoki boshqalarga qimmatga tushadi. Bu safar AQSh boshiga tushdi", - deydi tahlilchi Kolin Klark.

Unga ko'ra, jihod da'vosi bilan minglab saudiya fuqarolari dunyo bo'ylab ko'plab urush zonalariga ketgan.

Lekin Davlat departamentining 2018-yilgi hisobotiga ko'ra, Saudiya Arabistonida diniy da'vat uchun xorijga ketadigan xodimlarni tayyorlash va tasdiqlash ishlari ancha nazoratga olingan va mahalliy darajada diniy islohotlar ham davom etmoqda.

"Mo'tadil islom" tashabbusi doirasida xorijga borayotgan voizlarning tinchlik va bag'rikenglik tamoyillariga sodiqligi qattiq tekshirilmoqda va ular sunniy musulmon jamoalaridan tashqarida da'vat olib borishi taqiqlangan", deyiladi ushbu hisobotda.

Hamkorlik davom etadi

Jurnalist Abdulloh G'advi fikricha, Pensakola fojiasi Vashington va Riyod o'rtasida xavfsizlik va terrorga qarshi kurash bo'yicha hamkorlik kuchayishiga olib kelishi mumkin.

"Ko'p ehtimol bilan Florida otishmasi AQSh va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi xavfsizlik bo'yicha hamkorlikka ta'sir ko'rsatmaydi. Aksincha, hamkorlikni kuchaytiradi", - deydi u.

Uning qo'shimcha qilishicha, ekstremizmdan Riyodning o'zi ham jabr ko'rmoqda va ikki davlat unga qarshi birgalikda kurashni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG