AQSh Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga qo’shimcha harbiy kuch, havo mudofaasi uchun texnika va qurol-yaroqlar jo’natadi. Bu haqda Pentagon 20-sentabr oqshomida e’lon qilgan.
AQS rasmiylariga ko’ra, Saudiyaning neft obyektlariga o’tgan haftada uyushtirilgan hujum ortida Eron turibdi. Tehron ayblovni inkor etgan.
“Prezident Donald Tramp AQSh kuchlarining safarbar qilinishini tasdiqladi. Qo’shin missiyasi mudafaaga yo’naltiriladi”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper.
Vazirning bildirishicha, AQSh BAA va Saudiyaning murojaatiga binoan shunday qarorga kelgan. Ikki davlat 14-sentabr kuni neft obyektlariga uyushtirilgan xuruj ortidan dron va qanotli raketalarga qarshi mudofaani kuchaytirishni maqsad qilgan.
General Jozef Danfordga ko’ra, AQSh kuchlarini safarbar qilish rejasi dam olish kunlarida ishlab chiqiladi. Qaror yangi haftada ommaga e’lon qilinadi.
“Davlat kotibi Mayk Pompeo bugun Saudiyadan qaytdi. Ular harbiy shaylikni oshirishni so’ragan. Aynan qaysi qismlar yuborilishi bo’yicha bir qarorga kelganimiz yo’q. AQSh kuchlari raketa xurujiga qarshi mudofaani kuchaytirishga xizmat qiladi”, - dedi Danford.
AQSh qaroridan bir necha soat o’tib, Eronning Oliy Inqilob gvardiyasi generali Husayn Salomiy ham bayonot bilan chiqdi. “Eron kuchlari har qanday harbiy choraga tayyor. Chegaramizdan o’tilsa, zarba berishimiz muqarrar”, - dedi u.
O’z navbatida, 20-sentabr oqshomida BMT ham to’rt nafar xalqaro ekspertlar guruhini Saudiyaga yo’llaganini ma’lum qildi. Guruh neft obyektlariga uyushtirilgan hujum tafsilotlarini o’rganadi.
Avvalroq Prezident Tramp iqtisodiy bosimni kuchaytirish maqsadida Eron milliy bankiga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilgan edi.
“Nazarimda, sanksiyalar samara bermoqda. Harbiy bosim ham natija beradi. Biroq bunday chora g’alabaning o’ta keskin yo’li bo’ladi”, - dedi Tramp Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison bilan o’tgan qo’shma matbuot anjumanida.
Facebook Forum