Breaking News

Shotlandiya Britaniya tarkibida qolishni tanladi


Jamoat joyiga osilgan ekranda 55 foiz qatnashchining mustaqillikka qarshi ovoz bergani aks etgan.
Jamoat joyiga osilgan ekranda 55 foiz qatnashchining mustaqillikka qarshi ovoz bergani aks etgan.

Shotlandiya aholisining aksariyat qismi Britaniya tarkibida qolishni ma'qul topdi. 18-sentabr kuni mustaqillik uchun o'tkazilgan referendumda qatnashchilarning 55 foizi qirollik tarkibidan chiqmaslik uchun ovoz bergan, 45 foiz ishtirokchi esa mustaqillikni yoqlagan.

Shotlandiyaning eng katta shahri Glazgoda 61 foiz qatnashchi mustaqillikni yoqlagan bo'lsa, poytaxt Edinburgda hamda uchinchi eng katta shahar Aberdinda aksariyat aholi mustaqillikka qarshi ovoz bergan.

Ajralishga qarshi kampaniya yetakchisi Alisteyr Darling referendum natijalarini ham Shotlandiya, ham Britaniya uchun tarixiy voqea bo'lganini ta'kidladi.

Mustaqillik uchun kurash olib borgan millatchilik harakati rahbari Aleks Salmond esa mag'lubiyatni tan olib, o'z tarafdorlarini referendum natijalarini hurmat qilishga chaqirgan.

Salmond, shuningdek, Londonni Shotlandiya qonunchilari vakolatlarini kengaytirish bo'yicha bergan va'dalarining ustidan chiqishga chaqirdi.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Shotlandiya bahsiga yakun yasalganini ta'kidlab, rejalanganidek, Shotlandiyaga ko'proq vakolat berilishini aytgan. Soliq, ijtimoiy ta'minot hamda ko'proq yordam ajratish masalalarida yangi imtiyozlar berilishi kutilmoqda. Bunday o'zgarishlar qirollikning boshqa a'zolari - Angliya, Uels va Shimoliy Irlandiyaga ham beriladi, dedi Kameron.

Saylash huquqiga ega 4 million fuqaroning 97 foizi ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tgan. Referendumda ularning 86 foizi qatnashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG