Breaking News

Senat subsidiyaning bir turiga barham berib, yangisini kiritmoqda


AQShning Illinoys shtatida makkajo'xori dalasi
AQShning Illinoys shtatida makkajo'xori dalasi
AQSh Senati qishloq xo’jaligiga doir siyosatni qayta ko’rib chiqar ekan, hukumatning fermerlarga beriladigan subsidiyalarini yiliga besh milliard dollarga qisqartirish taklif etilmoqda. Biroq qonunchilar bir paytning o’zida dehqonlarga moliyaviy yordamning yangi turlarini ma’qulladi. Tanqidchilar nazarida bu chora boshqa davlatlar fermerlariga eski dasturdan ko’ra ko’proq zarar keltirishi mumkin.

Qiymati 955 milliard dollarga teng Fermerlik haqidagi qonun loyihasini Senatda har ikki partiya vakillari tasdiqladi. Unda kelasi 10 yilda fermerlarga 24 milliard dollar kamroq berish ko’zda tutilgan. Eski dasturga muvofiq dehqonlar hosil yaxshi bo’lgan yillarda ham, yomon bo’lgan yillarda ham hukumatdan bevosita yiliga besh milliard dollar olardi. Endi unga barham beriladi.

Qishloq xo’jaligi mahsulotlari qimmatlashib, fermerlar mo’maygina daromad olar va federal byudjet inqiroz tufayli qisqarib borar ekan, subsidiya dasturi keskin tanqidga uchrab kelayotgan edi.

Senatning Qishloq xo’jaligi qo’mitasi raisi Debbi Stebnauning aytishicha, dasturning yangi qonundan chiqarilgani katta o’zgarish bo’ldi.

"Bu islohotga qaratilgan loyiha. U subsidiyalarni tugatib, bizga yangi yo’nalishda ishlashga imkon beradi. Qilgan ishimizdan faxrlanamiz", - deydi senator.

Yuqori palata qabul qilgan qonun fermerlarga ob-havoning yomonligi yoki narxlarning pastligidan kelib chiquvchi vaziyat bilan yuzlashishda yordam beradi. Unda ilgari sug’urta qilinmagan hosil turlarini yetishtirayotgan fermerlarga sug’urta taklif qilinadi. Shuningdek, hujjat fermerlarni mahsulot narxi ma’lum ko’rsatkichdan tushgudek bo’lsa, moddiy yordam bilan ta’minlashni ko’zda tutadi.

Senator Stebnauning aytishicha, yangi qonun Amerikani xavfsiz, arzon oziq-ovqat bilan ta’minlaydigan fermerlarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.

Biroq tanqidchilar nazarida bu qonun ham kamchiliklardan xoli emas. Montana davlat universiteti iqtisodchisi Vins Smit fikricha, fermerlarni bozordagi beqarorlikdan himoya qilish kafolati Jahon savdo tashkiloti qoidalariga ziddir.

"Agar narxlar hozirgidan tushsa, ko’plab mahsulotlar uchun subsidiyalar ko’tariladi. Shundan so’ng Braziliya kabi mamlakatlar Amerikani jahon bozorida narxlarga ta’sir qilayotganlikda ayblab, bizga qarshi tashkilotda da’vo ochadi", - deydi Smit.

Braziliya Qo’shma Shtatlarni paxta sanoatiga subsidiya ajratayotganlikda ayblab, ana shunday da’volardan birini yaqinda yutib chiqdi. Iqtisodchi Vins Smit nazarida Senatda qabul qilingan yangi qonun ham bunday bahslarni avj oldiradi.

Qonunning yaxshi tomoni shundaki, deydi uning tarafdorlari, dunyoning biror chekkasida inqiroz yuz bersa, favqulodda oziq-ovqat yordami uchun 60 million dollar ajratilib, mahsulotni AQShdan emas, ofat zonasiga yaqin joydan sotib olish mumkin bo’ladi. Bu tez va arzon jarayon bo’lib, ko’plab odamlarning hayotini saqlashga yordam beradi, deydi ular.

Ocharchilikka qarshi kurashuvchi Oksfam kompaniyasi vakili Erik Munyos buni ijobiy o’zgarish deydi, ammo bir milliard dollarlik yordam byudjetidan favqulodda oziq-ovqat uchun 60 million dollar ajratilishi kam, deydi.

"Bu yirik dasturning juda ham kichik bir qismidir. O’ylaymanki, hozir bu ishning boshidamiz va kelajakda uning hajmi yanada o’sadi", - deydi Munyos.

Biroq fermerlar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar, oziq-ovqatni qayta ishlovchi va yuk tashuvchi kompaniyalar qonun amerikaliklarni ishsiz qoldiradi, deya unga qarshi chiqmoqda.

Senatda qabul qilingan o’zgarishlar Vakillar Palatasida ishlangan Fermerlik haqidagi qonun loyihasiga kiritilmagan. Kongressmenlar hujjat bo’yicha munozarani bir necha haftadan so’ng boshlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG