Breaking News

Subsidiyalar kesilsada, amerikalik dehqon uchun imtiyozlar talay


AQShda dehqonchilik hukumat tomonidan himoya qilinadi. Ayni paytda Kongressda fermerlarga ajratiladigan yordam – subsidiyalarni qisman bekor qilish masalasi muhokamada. Yangi qonun loyihasida kelasi besh yilda yarim trillion dollarga teng qisqartirishlar ko’zda tutilgan.

Subsidiyalar kesilsada, amerikalik dehqon uchun imtiyozlar talay/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00
Yuklab oling

Amerikalik dehqon butunlayin hukumat qaramog’ida degan tasavvur bugungi kunda haqiqatga uncha to’g’ri kelmaydi. Subsidiyalar makka, bug’doy, soya, paxta va yeryong’oq yetishtiradigan fermerlar daromadining atigi 8 foizini tashkil etadi. Rivojlangan davlatlar orasida bu eng past ko’rsatkichlardan, deydi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti rasmiysi Vatslav Voytek.

“Tashkilotimizga a’zo mamlakatlarda o’rtacha subsidiya hajmi 20 foizga teng”, - deydi u.

Yordam hajmi kamayganining sabablaridan biri shuki, ayni paytda jahon bozorida qishloq xo’jaligi mahsulotlarining narxi baland. Amerika dehqonlari, ayniqsa, bug’doydan so’nggi yillarda yaxshigina daromad olmoqda.
Shunga qaramasdan, hosil yetishtiradimi yoki yo’q, ular hukumatdan yiliga 5 milliard dollar madad oladi.

Ammo davlat byudjetini qisqartirishga bel bog’lagan Kongress bu amaliyotni bekor qilmoqchi va yordam hajmini 20-40 milliard dollargacha kesishni rejalagan.

“Siyosiy jihatdan bunday subsidiyalarni asoslash qiyin bo’lib qoldi. Jamiyatda fermerlar ishlamasa ham bo’ladi, baribir hukumatdan pul oladi, degan fikr shakllangan”, - deya tan oladi Meri Key Tetcher, fermerlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot rasmiysi.

Tashabbus dehqonlarga ajratiladigan madadning butunlay bekor qilinishini anglatmaydi. Kongress ko’rib chiqayotgan takliflardan biri shuki, hosil yomon bo’lganida yoki jahon bozorida narx-navo tushib ketsa fermerlar hukumatdan bevosita mablag’ olish huquqiga ega bo’ladi.

“Subsidiyalar 5 milliard dollarga kamayar ekan, deyish mumkin. Bundan byudjet ham, soliq to’laydigan fuqarolar ham foyda ko’radi. Ammo qonun loyihasini yaxshilab o’rgansangiz, to’lovlarning 90 foizi o’zgarmay qolishini tushunasiz,” – deydi Xalqaro oziq-ovqat siyosati bo’yicha tadqiqot instituti iqtisodchisi Deyvid Orden.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar bunday proteksionist siyosatni anchadan buyon tandiq qiladi. AQSh o’z fermerlarini siylab, adolatli raqobatga doir xalqaro normalarni buzmoqda, deydi ular.

AQSh Qishloq xo’jaligi vaziri Tom Vilsakning javobi shuki, xalqaro qonun-qoidalar buzilayotgani yo’q. Jahon savdo tashkiloti hujjatlariga ko’ra, AQSh subsidiyalar uchun 19 milliard dollar ajratishi mumkin va hozirgacha bu qiymatdan oshgan hollar kuzatilgan emas.

Tanqidchilar esa tashkilot qonun-qoidalarini o’zgartirishni talab qilmoqda, hozircha natijasiz. AQShda yangi qonun muhokamalari jadal davom etayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG