AQShning uch senatori Ag'onistonga safar qilgan.
Respublikachilar Jon Makkeyn, Lindzi Grexem va mustaqil qonunchi Jo Liberman kecha Kobulda matbuot anjumanida so'zlar ekan, qo'shinlarni mamlakatdan erta chiqarib, xato qilyapmiz, deydi.
Prezident Obama Afg'onistonda xizmat qilayotgan qo'shinning 33 minggi kelasi yil sentabrigacha vataniga qaytadi, deya ma'lum qilgan.
Senatorlar nazarida bunday reja Tolibonga qarshi urushning beliga tepadi. Qo'mondonlar ham bu rejaga qo'shilmaydi, deydi Makkeyn.
AQSh qonunchilari Pokiston bilan aloqalarni yaxshilash bilan birga bu mamlakatga bosimni ham kuchaytirish kerak, deb hisoblaydi.
Ular nazarida rasmiy Islomobod jangarilarga qarshi yetarlicha kurashmayapti.
Ma'lum bo'lishicha, Germaniya va Britaniya har biri yil oxirigacha 500 askarini Afg'onistondan chiqarmoqchi.
Britaniyaning 9500 zobiti asosan janubda, besh ming nemis harbiysi esa shimolda harakatlanadi.