Breaking News

AQShda afg'on strategiyasining ikki yo'nalishi muhokamada


AQShda afg'on strategiyasining ikki yo'nalishi muhokamada
AQShda afg'on strategiyasining ikki yo'nalishi muhokamada

Prezident Barak Obama kelasi yil sentabrigacha Afg'onistondan 33 ming qo'shinni chiqarish rejasini o'tgan hafta ma'lum qilgan. Qolgan 68 ming harbiy esa 2014-yilgacha xizmatini davom ettiradi. Siyosatchilar va harbiylar prezident qarori va strategiyasini turlicha baholamoqda.

AQSh Senatida Janubiy Osiyo masalalari bo'yicha quyi qo'mita raisi Bob Keysining aytishicha, Qo'shma Shtatlar jangarilarga qarshi kurashni aksil-terror harakatga aylantirishi lozim.

2009-yilda ham afg'on strategiyasi haqida gap borganida asosiy bahs-munozara jangarilarga qarshi siyosatga ko'proq e'tibor qaratish kerakmi yoki aksil-terror harakatlarigami degan savol atrofida kechgan edi. Prezident Obamaning harbiy maslahatchilari jangarilarga qarshi kurashni kuchaytirish kerak degan edi. Ya'ni ko'p sonli askarlar ishtirokida mamlakat bo'ylab toliblarni yengib, qayta qurish ishlari orqali mahalliy aholi ko'nglini ovlash.

Vitse-prezident Jo Bayden boshliq boshqa rasmiylar esa harbiy kuchni ixchamroq qilib, maxsus qismlarni al-Qoida, Tolibon va unga ittifoqchi guruhlarga qarshi qaratish kerak degan fikrda edi. Ular nazarida Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda taraqqiyot ishlariga kamroq aralashishi lozim.

Prezident Obama o'shanda birinchi yo'ldan borishga qaror qilgan edi.

Vashingtondagi Brukingz tahlil instituti eksperti Maykl Oxanlonning aytishicha, jangarilarga qarshi kurashni davom ettirish kerak.

"Aksil-terror harakatlari uncha ish bermaydi. Hozir muntazam qurolli kuchlardan ham, maxsus qismlardan ham foydalanish mumkin. Kelajakda afg'on razvedkasi kuchayib, armiya aholini mudofaa qilishga qodir bo'lsagina, aksil-terror bilan shug'ullansak bo'ladi. Ammo buni o'z vaqtida, bosqichma-bosqich qilgan ma'qul. Prezident esa ish berayotgan rejadan voz kechdi. Qo'shinlarning uchdan biri Afg'onistonni tark etishga hozirlanar ekan, qo'mondonlar yangi reja tuzishi kerak bo'ladi", - deydi Oxanlon.

Vashingtondagi yana bir tahlil markazi, Tashqi aloqalar kengashi xodimi Stiven Bidlning aytishicha, qo'shinlarni chiqarishda shoshma-shosharlikka yo'l qo'ymaslik kerak, aks holda afg'on hukumati qulab, Pokiston bilan chegarada vaziyat beqarorlashadi. Bu esa o'z navbatida Pokistondagi ahvolga ham ta'sir qilib, bu mamlakat yadro qurollarining terrorchilar qo'liga tushish ehtimoli kuchayadi.

"Afg'oniston 1990-yillardagi kabi beboshlikka qaytsa, oqibati yaxshi bo'lmaydi. Birinchidan, al-Qoida yana shu mamlakatda in quradi. Ammo AQSh uchun eng xatarlisi shuki, Pokiston ham beqarorlikka yuz tutadi", - deydi Bidl.

AQSh rasmiylariga ko'ra, 33 ming askar bir yil ichida chiqariladi, qolgani esa xalqaro koalitsiya bilan hamkorlikda 2014-yilgacha xizmatini davom ettiradi, afg'on politsiyasi va armiyasi tayyorgarligi bilan shug'ullanadi.

Harbiy harakatlar bilan bir qatorda tinchlikka qaratilgan siyosiy jarayonlar ham avjida. Prezident Obama rasmiy Kobul yetakchiligidagi har qanday tinchlik tashabbusini qo'llab-quvvatlaymiz, demoqda.

"Tolibon hukumat bilan murosa qilishni istasa, bir necha shartlarni bajarishi kerak. Murosaga doir har qanday tashabbus hukumatdan chiqishi, tinch hayotga qaytmoqchi bo'lgan jangarilar al-Qoidadan ajrashi, zo'ravonlikdan voz kechishi va konstitutsiyaga rioya qilib yashashi zarur", - deydi Obama.

Biroq Afg'onistonning AQShdagi sobiq elchisi Said Javodning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ham tinchlik muloqotida ishtirok etmas ekan, Tolibon uni jiddiy qabul qilmaydi.

"Shaxsiy tajribamdan shuni bilamanki, har safar Tolibon afg'on hukumati vakillari bilan uchrashganda "Amerikaning bundan xabari bormi" deya savol so'raydi. Javob qoniqarsiz bo'lsa, toliblar qaytib ketadi. Haqiqiy kuch kimligini ular yaxshi biladi. Shuning uchun murosani ham faol tomon bilan, kuchli tomon bilan qilishmoqchi", - deydi sobiq elchi.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, toliblar bilan muloqot ko'ngilga huzur bag'ishlamasa-da, tinchlik uchun juda ham muhim jarayondir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG