Dunyo bo'ylab jinsiy qullik kuchaymoqda. O'g'il-qizlarni o'g'irlab, o'z xohishiga qarshi pul ishlash maqsadida jinsiy aloqaga kirishishga majburlash kabi jirkanch amaliyot ketidan qo'shmachilar millionlab dollar daromad qiladi. AQShda ham muammo avjida. Inson savdosiga doir ma'lumot to'plovchi ishonch telefonlariga har kuni 20 ga yaqin shikoyat tushadi.
Merilend shtati politsiyasi jabrlanuvchilarni qutqarish yo’lida muammoga o’zgacha yondashmoqda. Ular bu ish bilan shug’ullanayotgan qo'shmachilarni qo’lga olishdan ko’ra jabrlanuvchilarni qutqarishni maqsad qilgan.
Kris Xeyd detektiv. U jinsiy xizmatlar taklif qiluvchi qizlar bilan internet orqali aloqaga chiqmoqda.
"Backpage" degan sahifada ko'plab qizlarning suratlari bor. Uni onlayn seks-do'kon desa ham bo'ladi.
Kapral Xeyd telefonda raqam terib, qizlarning biri bilan mijoz sifatida uchrashishga kelishib oladi. Detektiv soatiga 150 dollar degan javob oladi.
“Bir soat emasu, tez kelib ketaman deb, 15 daqiqaga kelishdim. 80 dollarga tushadigan bo’ldi”, - deydi politsiyachi.
Shundan so'ng qiz manzilini unga bildiradi.
Detektiv Xeyd Merilend shtati politsiyasida bolalarni qutqarish bo’limida ishlaydi. Federal qidiruv byurosining oddiy kiyim kiygan ikki xodimi u bilan qiz bergan manzil, Baltimor aeroporti yonidagi mehmonxonaga boradi.
Kapral Xeyd xonaga chiqqandan so'ng sms-xabar bilan bizni ham chaqiradi.
Qizning ismi Beki. O’smirligida jinsiy qul qilishgan. Bir ayol Bekini avtobus bekatidan o’g’irlab, qo'shmachilarga sotib yuboradi. Bekini zo’rlashgan, xo’rlashgan, to’pponcha o’qtab qo’rqitishgan.
“Bir kuni mijozlardan biri meni qattiq kaltakladi. Besh kun ishlolmadim”, - deydi u.
Beki hozir mustaqil ravishda fohishabozlik qiladi. Biz bilan suhbat paytida mijozlar unga tinmay qo’ng’iroq qiladi. Ular Bekini aloqa izini o'chiradigan texnologiya asosida ishlovchi “Backpage” sahifasidan topishadi.
“Uni ishlatish oson. Kredit kartalar bilan ortiq ish qilishmaydi, faqat bitkoynlarda”, - deydi u.
Beki hamma mijozga ham javob beravermaydi. Detektiv Xeydga nega "xo'p" deganini so'raymiz undan.
“Mijozlar reytingini ko'rsatadigan "Janob raqam” degan dasturdan foydalanaman. Xeydning raqamini kiritganimda salbiy izohlar yo’q ekan”, - deydi Beki.
Fohishalar mijozlari haqida shu applikatsiyada orqali fikr qoldirishadi. Ayniqsa ular qo’pollik qilgan yoki to’lovdan bosh tortgan bo’lsa. Bu safar politsiyaning maqsadi jinsiy qullikka uchraganlarni qutqarish bo’lgani uchun Beki hibsga olinmadi.
Xeyd jamoasi oldindan belgilangan mehmonxonada yana bir uchrashuv belgilaydi. Bu safar ish qaltisroq.
Bir yarim soatlarda qaytib chiqqan detektiv 23 yashar opasi tomonidan jinsiy qullikka sotilgan 15 yoshli kaliforniyalik o’smirni topganini aytadi.
Opasi ertasiga balog’atga yetmaganlar ustidan qo’shmachilik jinoyati bilan hibsga olindi, singlisi esa ona-onasining bag’riga qaytarildi.
“Agar shu qizni to’g’ri yo'lga qaytara olgan bo’lsak, qilayotgan ishimizdan faxrlanamiz”, - deydi detektiv Xeyd.
Bugunning o’zida jinsiy qullikda bo’lgan 40 nafar o’smir aniqlanib, ozod qilindi. Tutqunlikda yurganlar esa hali ko’p.
Facebook Forum