Breaking News

Media ayol va erkak siyosatchilarga bir ko'z bilan qaramaydi


Telda Uilyams Arizona shtati, Finiks shahar kengashiga ilk bor saylanganida 40 ga borib qolgan edi. Odamlarning menga ishonchi past bo’lgan, bu ishni qila olishimga ishonishmagan, sababi - ayolligim, deydi respublikachi siyosatchi.

“Boshida hatto qo'limda ishlaydiganlar "tushunmayapsan, juda qiyin bo’ladi", ko'p mavzularni bilish kerak, deb aytishgan. Ular nohaq ekanini isbotlash kerak edi”, - deya eslaydi Uilyams.

Mana 10 yildirki, u shahar kengashida ishlab kelmoqda, uch bor vaqtinchalik mer vazifasini ham bajardi. Lekin baribir teng muomala qilishmaydi, bu ayniqsa ommaviy axborot vositalari ishimizni qanday yoritishida seziladi, deydi Uilyams.

“Hurmat, munosabat birday emas. Demoqchimanki, kiyimim, tufli, sochimning rangi, yoshim haqida yozishadi. Erkaklarga nisbatan bunday emas. Ayniqsa, bunday maqolalarni ayol yozgan bo’lsa, juda g’ashimga tegadi”, - deydi kengash a'zosi.

Ayol siyosatchilarga past nazar bilan qaralishi yangilik emas, ayollarga nisbatan noto'g'ri stereotiplar, ikkiyoqlama standartlar hamon mavjud, deydi Debbi Volsh, Amerika ayollari va siyosat markazi rahbari.

“Hammasi kichkina va oddiy narsalar, masalan odamning ko’rinishi, nima kiyishi, sochi qanaqa ekani, gapirish manerasi, shulardan boshlanadi. 2016-yildagi prezidentlik saylovlarida Hillari Klinton kam tabassum qiladi deyishgandi. Berni Sandersning chehrasi ochilmasligini yeru-ko’k bilsa-da, u haqda hech bunday gap eshitmaysiz. Sanders ham, Donald Tramp ham qovog’idan qor yo’gib yuradigan odamlar o’zi”, - deya sharhlaydi u.

Shuningdek ayollar kuchi bilan, baland ovozda chiqish qilsa, chinqiroq deya tanqidga uchraydi. Axborot vositalarida nutqning mohiyati chetda qolib, unga daxli bo'lmagan tafsilotlar yoritilishi ayollarning saylovda muvaffaqiyat qozonishiga to’sqinlik qiladi.

"Mavzu o'rniga ayollarning taqdimoti, usbuli va ko'rinishiga ko'proq e'tibor qaratish ularni jiddiy nomzod qilib ko'rsatmaydi. Ayollar siyosatda muvaffaqiyatga erishishi uchun erkaklar umuman o’ylamaydigan qiyinchiliklardan o’tishi kerak", - deydi Volsh.

AQShda 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashayotgan ayollar soni rekord darajada ekan, ularning siyosiy taqdirini belgilashda media sanoatining roli katta.

Massachusets shtatidagi Shimoli-sharqiy universitet tadqiqotchilari 2020-yilgi saylov haqidagi 1400 maqolani tahlil qilgan. Xulosa shuki, ularda ayol nomzodlar erkaklardan ko’ra salbiyroq tasvirlanadi.

Debbi Volsh deydiki, teledebatlarda ham ayol nomzodlar boshqacha yo'l tutishga majbur, chunki ayolning erkak kabi cho'rtkesar, dangalligi tanqidlarga sabab bo'lishi mumkin.

“Demokratlar saylovda g’oliblikni qo’lga kiritmoqchi bo'lsa, ayol nomzodni tanlamasligi kerak, mamlakat ayol prezidentga tayyor emas degan qarash bor. Yuta oladigan odamni odatda 60 dan oshgan, oq tanli va erkak deb tasavvur qilishadi”, - deydi u.

Telda Uilyams nomzodlar ommaviy axborot vositalarida qanday yoritilishi yaqin orada o'zgarishiga ishonmaydi.

"Mendan muloyim bo'lish kutiladi. Erkaklarga go'yoki hamma narsa ruxsat etilgandek, hatto so'ksa ham o'tib ketaveradi. Ayollarni shu holatda tarbiyasizlik, qo’pollikda ayblashgan bo'lishadi", - deydi u.

Uilyams fikricha, ayollar muhim qarorlardan chetda qolishi, oliy lavozimlarga saylanmasligi jamiyat uchun zarar.

"Ayol bor joyda rahm-shafqat ko'proq bo'ladi. Bolalar, qariyalar, oilalar, jonivorlarga rahm-shafqat. Ayol siyosatchilar bo'lmagan joyda axloq ham boshqacha bo'ladi. Ayollar mavzuga batafsilroq, chuqurroq yondashadi", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG