Amerika bo’ylab talabalar shu oy o’qishga qaytishini nafaqat universitetlar, balki kichik bizneslar ham xohlaydi. Ammo koronavirusga oid raqamlar o’sishi ham turgan gap.
Yil boshida Michigan universitetining 40 mingdan ziyod talabalari pandemiya tufayli uyiga qaytgan edi. Enn Arbor shahridagi kichik bizneslar buni darrov o’zida his qildi.
“Qorsiz bo’ronga o’xshatdim. Studentlar tarqalib ketganidan so’ng ko’chalar bo’shab qoldi”, - deydi oziq-ovqat do’koni egasi Richard Shubak.
Universitetda kuzgi semestr qisman yuzma-yuz darslar bilan boshlanmoqda. Talabalarning qaytishi ulardan tushadigan daromadga tayanuvchi bizneslarga umid bag’ishlamoqda. Adam Lovenstin – bar egasi.
“Talabalar qaytib kelayotganini eshitib, juda xursand bo’ldim”, - deydi bar egasi Adam Lovenstin.
“Fikrimcha, odamlar qaytishi bilan koronavirusga chalinish hollari ham keskin ko’payadi. Vaziyatni nazorat ostiga olishga harakat qilishadi yoki to’liq onlayn darslarga o’tishadi”, - deydi restoran egasi Jastin Xerrik.
Quloq teshish xizmatlarini ko’rsatuvchi salon egasi biznesini saqlab qolish uchun qattiq kurashganini aytadi.
“Pandemiya bizni sinovdan o’tkazdi. Biznes tirik qolishi uchun uni a’lo darajada boshqarish kerak”, - deydi Jeff Sonders.
Afsuski, ayrim bizneslar omon qolmadi. Masalan, 1987-yildan beri ishlab kelgan “Espresso Royal” qahvaxonasi pandemiya tufayli eshiklari qayta ochilmasligini e’lon qildi. Mijozlarning hafsalari pir.
“Espresso Royal” butunlay yopilgani yaxshi xabar emas. Mahsulotlarini yoqtirardik”, - deydi talaba Itan Ruv.
Perri Porikosning restorani tashqarisida mijozlar uchun vaqtinchalik joy qilingan. Pandemiyadan oldin bunday emas edi. Qiyinchliklarga qaramasdan u vaziyat izga tushishiga ishonadi.
“Hammasi yaxshi bo’lishiga ishonaman”, - deydi Perikos.
Kichik biznes egalari talabalar qaytib, hayot normallashishidan umidvor.
Facebook Forum