Breaking News

Somalida "Al-Shabab" xurujlari kuchaymoqda


Somali poytaxti Mogadishuda yuz bergan xurujlardan biri, 11-aprel, 2016-yil.
Somali poytaxti Mogadishuda yuz bergan xurujlardan biri, 11-aprel, 2016-yil.

"Islomiy davlat" terror guruhi shu hafta Somalida birinchi hujumini amalga oshirganini da'vo qildi. Ayni paytda mamlakat yil oxirida bo'ladigan saylovlarga tayyorlanar ekan, "Al-Shabab" jangarilari hujumga zo'r bermoqda.

Somali rasmiylarining aytishicha, "Al-Shabab" jangarilari so'nggi paytlarda hujumlar ko'lamini kengaytirmoqda.

"Al-Shabab" strategiyasini o'zgartirib, yuzma-yuz olishuvdan harbiy bazalarni, fuqarolarni, xususan, mehmonxonalarni nishonga olishga o'tyapti. Shu yo'l bilan ular tinch aholini qo'rquvga solmoqchi", - deydi Somali sobiq mudofaa vaziri Abduhakim Muhamud Hoji-Faqi.

So'nggi haftalarda poytaxt Mogadishuda amalga oshirilgan bir necha xudkushlik hujumlarida davlat rasmiylari nishonga olindi.

Tahlilchilar fikricha, "Al-Shabab" Somalida nazoratni qo'ldan bergach, sharqiy Afrika bo'ylab ta'sirini yoyishga urinmoqda.

"Masalan, guruh Keniyada ta'sirini oshirayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Bu yerda ular odam yollash va mablag' yig'ish ishlarini kuchaytirmoqda", - deydi Britaniyadagi Birlashgan xizmatlar qirollik instituti tahlilchisi Keysi Xanleyn.

Yaqinda Keniyadagi Garissa universitetiga qilingan xurujga bir yil to'ldi. O'tgan yili "Al-Shabab" hujumida 148 odam o'lgan edi. Keniya Afrika Ittifoqi tinchlikparvar kuchlariga eng ko'p askar jo'natadigan davlatlardan biri.

Somali rasmiylariga ko'ra, Afrika Ittifoqi kuchlari dastlab jangarilarga qarshi kurashda salmoqchi natijalarni qo'lga kiritgan bo'lsa ham, o'tgan yildan beri qarorgohlaridan tashqarida jiddiy bir ishni amalga oshira olgani yo'q

"Armiya ishg'ol etilgan hududlarni qo'lida saqlab qolishda qiynalyapti", - deydi Xanleyn.

Tadqiqotchiga ko'ra, tinchlikparvar kuchlar orasida birlikning yo'qligi ham muammo.

"Somalida ularga nisbatan ishonch yo'q. Askar jo'natayotgan davlatlarning bu yerda qanday manfaati bor, ular Somali uchun jon kuydiradimi, degan shubha bor", - deydi tahlilchi.

Somalining g'arblik tarafdorlari, xususan, AQSh mamlakat armiyasiga moliyaviy ko'mak ko'rsatib keladi. Yevropa Ittifoqi yaqinda Afrika Ittifoqi askarlariga beriladigan maosh miqdorini kamaytirdi.

"Ular xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj. Chunki hukumat ularning maoshini to'lashga, qurol-yarog' bilan ta'minlashga qodir emas. Somali milliy armiyasiga qarshi qurol embargosi ham bor", - deydi Muhamud Hoji-Faqi.

AQSh ham Somalida "Al-Shabab"ga qarshi dron hujumlarini amalga oshirib keladi. Somali hukumati bu amaliyotni olqishlagan. Rasmiylar shu yil oxirida bo'ladigan saylovlar oldidan mamlakatda xavfsizlik bo'yicha vaziyat og'irlashayotganidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG