Breaking News

BMT Afrikada ekstremizmga qarshi kurashni jadallashtiradi


BMT Afrikada ekstremizmning kuchayishiga qarshi kurashni jadallashtirish kerak, demoqda. 2011-yildan beri qit’ada 4000 dan ziyod terror xuruji qayd etildi, ularda 21 mingdan ortiq odam nobud bo’ldi.

Al-Shabab, Boko Haram va “Islomiy davlat” jangari guruhlari o’z saflariga yoshlarni jalb etmoqda. Oqibat - zo’ravonlik va ayniqsa, tinch aholi orasidagi katta talofatlar.

BMT Taraqqiyot dasturining Afrika mintaqaviy byurosi yoshlarning jangari guruhlarga qo’shilishi sabablarini o’rganmoqda.

Zo’ravonliklar va ekstremizm qit’aga katta ijtimoiy va iqtisodiy zarar olib kelmoqda, deydi tashkilot rasmiylari.

“Zo’ravonlik va ekstremizm avjiga chiqqan hududlarda taraqqiyot to’xtaydi. Masalan, Keniyada al-Shabab faoliyati tufayli turizm sohasida 25 foizga pasayish kuzatildi. Nigeriyada Boko Haram sababli bevosita xorijiy sarmoyalar kirishi 21 foizga kamaydi,” – deydi BMT Taraqqiyot dasturining Addis-Ababadagi mintaqaviy rahbari Muhammad Yahyo.

Shunday ekan, yoshlar uchun ekstremist guruhlarda nima jozibali ekanini aniqlash kerak, deydi u.

“Hamon davom etayotgan izlanishimizda biz eng asosiy omillarni o’rganyapmiz. Masalan, nima sababdan bir oilada ikki o’g’il bo’lsa, aka-ukalardan biri ekstremistlarga qo’shiladi, boshqasi qo’shilmaydi?” – deya so’raydi u.

Sabablar esa turli-tuman.

“Yoshlar soni ko’payishda davom etar ekan, yangi imkoniyatlar yo’q. Ular jamiyatdan chetlashtirilgandek sezadi o’zini. Shunday paytda ekstremist guruhlarning adolatsizlik haqidagi gaplari, umuman mafkurasi yigit-qizlar uchun qiziqarli tuyuladi. Shu sababdan ayrim yoshlar bunday guruhlarga qo’shilishi mumkin,” – deydi Muhammad Yahyo.

BMT Taraqqiyot dasturi ekstremizmga qarshi dasturlar amal qiladigan davlatlarni uch guruhga bo’ldi.

“Ekstremizm markazi bo’lgan Mali, Somali va Nigeriya. Bu mamlakatlarda zo’ravon guruhlar yaxshi joylashib olgan. Ular faoliyati ta’sir qiladigan Kamerun va Keniya kabi mamlakatlar ikkinchi toifaga kiradi. Va uchinchisida ekstremizm tahdidi bor mamlakatlar”, - deydi Yahyo.

Mafkuraga qarshi mafkura bilan kurashish kerak, der ekan BMT rasmiysi masjid, madrasalar va internet orqali tegishli targ’ibot ishlari olib borilishini aytadi.

Bundan tashqari, ayrim idoralarni isloh qilish kerak.

“Huquq-tartibot organlari faoliyati shunday bo’lishi kerakki, yoshlar orasida davlat idoralariga qarshilikni kuchaytirmasin va muammoni chuqurlashtirmasin. Qamoqlarda yoshlar ekstremist guruhlarga yollanmasligi uchun nima qilish kerak? Diniy tashkilotlar va masjidlar to’g’ri boshqarilishi uchun qanday choralar ko’rilishi kerak? Ekstremist faoliyatga qarshi jamoalar nima qila oladi?” – deya muammolarni sanaydi BMT vakili.

“Afrikada zo’ravonlik va ekstremizmning oldini olish va javob berish: taraqqiyot yondashuvi” nomli to’rt yillik loyiha uchun 45 million dollar ajratildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG