Shanba kuni AQShning Janubiy Karolina shtatida Demokratlar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo'lish uchun kurashayotgan ikki da'vogar maxsus saylovda bellashdi.
Sobiq davlat kotibi Xillari Klinton raqibi senator Berni Sandersni dog'da qoldirdi. Klinton demokrat saylovchilarning salkam to'rtdan uch ovozini qo'lga kiritdi. Bu uning shu kungacha o'tkazilgan to'rt saylovdagi uchinchi g'alabasi.
Sanders Klintonni g'alaba bilan qutladi.
So'nggi saylov natijalariga ko'ra, ozchilikdagi guruhlarning katta qismi Klintonni qo'llab-quvvatlamoqda. Janubiy Karolinada aksariyat qora tanlilar unga ovoz bergan. Sanders tomonida esa asosan yoshlar va oq tanlilar.
Sanders hozircha faqat Nyu-Gempshirdagi saylovda g'olib bo'ldi, xolos. Biroq u partiyadan yagona nomzod bo'lishdan umidini uzgani yo'q.
O'tgan hafta Janubiy Karolinada respublikachi nomzodlar ham bellashgan edi. Seshanba kuni esa birvarakayiga 11 shtatda saylovlar o'tkaziladi. Bu kun "Super Seshanba" nomini olgan.
Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Respublikachilar partiyasidan peshqadam Donald Tramp 11 shtatning deyarli barchasida g'alaba qozonishi mumkin.