Breaking News

O'zbekistonlik muallim maxsus ta'lim bo'yicha AQSh tajribasini tatbiq etmoqchi


AQShda nogiron bolalar ta’limiga alohida e’tibor qaratiladi. Ya’ni jismoniy kamchilikka ega bolalarning boshqalar kabi teng ta’lim olish imkoniyatidan bebahra qolishiga yo’l qo’yilmaydi. Bu borada pedagog kadrlarni tayyorlash ham yaxshi yo’lga qo’yilgan. Qo’shma Shtatlar tajribasini o’rganish uchun bu yerga har yili xorijdan minglab o’qituvchi-mutaxassislar keladi. Ular orasida o’zbekistonliklar ham bor.

Hulkar Qayumova ana shunday yosh o’qituvchilardan biri. U hozir AQShda maxsus ta’lim bo’yicha magistrlik darajasida tahsil olmoqda. O’zbekistonga qaytgach, bu yerda olgan bilimlari asosida nogiron bolalar ta’limiga bag’ishlangan nodavlat tashkilot ochmoqchi.

O'zbekistonda maxsus ta'lim, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00
Yuklab oling

O’zbekistonda nogiron bolalar ta’limi uchun maxsus maktablar tashkil etilgan. Ammo ularning soni barcha viloyat va tumanlardagi nogiron bolalarni qamrab oladigan darajada yetarli emas. Ayni paytda jismoniy imkoniyati cheklangan o’quvchilarni oddiy sinfxonalarga jalb etgan holda o’qitish tizimi – inklyuziv ta’lim yo’lga qo’yilmoqda. O’zbekistonlik o’qituvchi Hulkar Qayumovaning aytishicha, bu boradagi ishlar hali boshlang’ich bosqichda.

“Bizda inklyuziv ta’lim haqida qonun chiqqani bilan hali u to’liq boshlanmadi. Baribir, hammasi pulga borib taqaladi. Shuning uchunmi, hali biror o’zgarish ko’rganim yo’q”, - deydi u.

Hulkar Qayumova AQShga o’tgan yili “Muskie” grant dasturi asosida kelgan. Solt-Leyk Siti shahridagi Yuta universitetida nogiron bolalarni o’qitishga yo’naltirilgan maxsus ta’lim bo’yicha tahsil olmoqda. O’zbekistonda jurnalistik ma’lumot olgan Hulkar uzoq yillar ingliz tili o’qituvchisi bo’lib ishladi. Ammo jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning boshqalar kabi erkin ta’lim olish imkoniyatidan bebahra ekanini ko’rib, ta’lim sohasidagi yo’nalishini o’zgartirdi. Hulkar maxsus ta’lim bo’yicha xorijda malakasini oshirib, bundan buyon nogiron bolalar tarbiyasi bilan shug’ullanishga qaror qildi.

“2010-yil o’qituvchilarning “TEA” programmasi bo’yicha Amerikaga keldim. O’shanda birinchi marta maxsus ta’lim bilan tanishganman. Yaratilgan sharoitlarini ko’rib rosa hayron bo’lgandim. Keyin 2011-yilda “TESOL” konferensiyasida bir hafta qatnashdim. Shundan so’ng ikki hafta universitetda professorlar bilan maxsus ta’lim bo’yicha hamma sharoitlarni yana o’rgandim. Ular menga bu sohada ko’p yordam berishdi. Bog’chadan tortib, yuqori sinf maktablarigacha olib borib ko’rsatishdi. Shu sohada o’qishimni davom ettirish niyatim bo’lsa, yordam berishlarini aytdi”, - deydi o’zbekistonlik o’qituvchi.

Yuta universiteti talabasi Hulkar Qayumova (chapdan ikkinchi) amerikalik do'stlari bilan
Yuta universiteti talabasi Hulkar Qayumova (chapdan ikkinchi) amerikalik do'stlari bilan
Hulkar Qayumova ana shu ko’rgan-bilganlarini O’zbekistonda ham tatbiq etmoqchi. Nogiron bolalarni inklyuziv ta’limga tayyorlaydigan nodavlat tashkilot ochmoqchiman, deydi u.

“Andijonda nogiron bolalarni o’qitadigan nodavlat tashkilot ochishni oldimga maqsad qilib qo’yganman. Uyda o’qitilayotgan bolalarni yig’ib, ularni o’qitib, asta-sekin oddiy maktablarga qo’shilishlariga tayyorlamoqchiman. Keyin ota-onalari va o’qituvchilari bilan ham ishlamoqchiman. Nogiron bolalarni o’qitish bo’yicha o’qituvchilar uchun treninglar o’tkazmoqchiman”, - deydi u.

Mutaxassisga ko’ra, nafaqat jismonan nogiron, balki o’rganish qobiliyati past yoki aqlan to’g’ri shakllanmagan o’quvchilar O’zbekistondagi deyarli barcha sinfxonalarda mavjud. Bunday bolalarning o’rganish qobiliyatini yaxshilash uchun ularga alohida e’tibor kerak, deydi u.

“Bunday bolalar barcha sinfxonalarda bor, albatta, - deydi u. – Ular bilan qanday ishlash kerak? Qanday texnikalarni qo’llash kerak? Nima qilsa, ularning o’rganish imkoniyati oshadi? Shu bo’yicha ham ishlamoqchiman”.

O’zbekistonda nogiron bolalarni inklyuziv ta’lim tizimi doirasida umumiy sinfxonalarga qo’shishning qonuniy asoslari yaratilgan. Ammo uni to’liq ijroga kiritish katta vaqt talab qiladi, deydi Hulkar Qayumova.

“Uyda qolgani uchun bolalarning o’zi ham tayyor emas-da. Ularni sinfxonalarga tayyorlash uchun, avvalo, boshlang’ich bilim berish kerak. Shuni o’rgandimki, bunday ta’lim qancha erta boshlansa, shuncha yaxshi ekan. Iloji bo’lsa, bog’chani ham yo’lga qo’ymoqchiman”, - deydi Hulkar Qayumova.

Bu Hulkar Qayumovaning ilk loyihasi emas. U ilgari ham ta’limga aloqador loyihalarni amalga oshirish uchun AQSh elchixonasi va boshqa homiy tashkilotlardan grantlar yutib olgan. U yangi loyihasini amalga oshirishda ham ana shunday homiylar yordamidan umid qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG