Breaking News

AQSh Davlat departamenti hanuz to'liq ishga tushgani yo'q


Davlat Departamentidagi dasturlar qisqarish arafasida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

AQSh Davlat departamenti Prezident Donald Tramp inauguratsiyasidan beri ilk matbuot anjumanini o'tkazdi. Idora so'zlovchisi vazifasini bajaruvchi Mark Toner tashqi yordam va departament byudjeti qisqarishi haqidagi hukumat rejasi bo'yicha jurnalistlar savollariga javob berdi.

Kundalik matbuot anjumanlari qachon boshlanadi? Yangi Davlat kotibi Reks Tillerson nega bayonotlar bermayapti? Nega ko'plab yuqori lavozimlar hanuz bo'sh turibdi? Jurnalistlar so'zlovchi Mark Tonerga shunday savollarni yog'dirdi. Tonerga ko'ra, vazirlik ishi ikkinchi darajaga tushib qolgani haqidagi qarashlar noto'g'ri.

"Davlat kotibi Tillerson Oq uy bilan yaqin aloqada. Prezident bilan tez-tez muloqot qilib turibdi. Kecha ham o'sha yerda edi. Davlat kotibining, Davlat departamentining qarashlari Milliy xavfsizlik kengashi darajasida jiddiy qabul qilinmoqda", - dedi u.

Byudjet masalasida hali aniq bir gap yo'q.

"Har qanday o'tish davrida qayta baholash muddati bo'ladi. U yetakchilar bilan uchrashayotganining sabablaridan biri shu. Muhim maqsadlarni belgilash, shunga qarab mavjud resurslarni qayta ko'rib chiqish uchun u turli darajadagi yetakchilar bilan muloqot olib boryapti", - deydi Toner.

Kutilayotgan byudjet qisqarishi departament ishiga salbiy ta'sir qilishi yuzasidan e'tirozlar ko'p. Obama davrida demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari bo'yicha davlat kotibi yordamchisi bo'lgan Tom Malinovski o'z xavotirlarini bildirdi.

"Byudjet, aftidan, departament dasturlarini tarixiy miqyosda qisqartiradi. Isroil va Misrga yordam kabi Tramp nazarida tegib bo'lmaydigan dasturlar borligini hisobga olsak, ulardan boshqa hamma narsa misli ko'rilmagan darajada qisqarishga yuz tutadi", - deydi u.

Bunday byudjet Kongressdan o'tmaydi, deydi demokrat senator Ben Kardin.

"Demokratiyani targ'ib qilish uchun Afrikada qilishimiz kerak bo'lgan ishlar ko'p. Urushlar ko'paymasligi uchun Yaqin Sharqda yaxshi boshqaruv lohiyalari ustida ishlashimiz kerak. O'z atrofimizda ham qiladigan ishlar bor. Amerikaning o'zida ham ish ko'p", - deydi senator.

Davlat kotibi Tillerson kelasi hafta Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiyaga yo'l olar ekan, uning oldida hozir byudjetdan ko'ra muhimroq masalalar turibdi. Uning safari Shimoliy Koreya raketa dasturini kuchaytirgan bir paytga to'g'ri kelyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG