Breaking News

Prezident Obamaning Kongressdagi nutqi qanday qarshilandi?


Oq uydagi sakkizinchi va oxirgi yili boshlanar ekan, Obamaning xalqqa asosiy gapi shuki, Amerika o’ziga ishongan, bag’rikeng va optimist davlat bo’lib qolishi kerak.

"AQShga tahdid solganlar adabini yeydi”,- dedi u.

Prezident Obamaning Kongressdagi so'nggi nutqi qanday qarshilandi? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:22 0:00

Parij va Kaliforniyadagi xurujlarga qaramay mamlakat barqaror va xavfsiz, ortiqcha vahimaga hojat yo’q, deydi Obama.

“Terroristlar bizning hayotimizni aslo buza olmaydi”,- deydi prezident.

“Agar Kongress terrorchilarga qarshi keskin choralar ko’rishni istasa, “Islomiy davlat” ga qarshi qo’shin yuborish uchun ovoz bersin. Masalani ovozga qo”ying”.

Prezident Kuba bilan yarashish jarayoni boshlanganini ulkan yutuq deya ta’rifladi.

Tinch okeani bo’yidagi davlatlar bilan hamkorlik kengayayotgani faqat foyda, dedi u.

Kongressdagi nutq oldidan Eron Amerikaning 10 dengizchisini ushlab turgani ma’lum bo’ldi. Biroq prezident bu haqda og’iz ochmadi. “Islomiy respublika bilan til topishib, uni atom quroli yaratishdan saqlaymiz”,- dedi u.

“Eron yadroviy rejalarini o’zgartirmoqda, qo’lida bor uranni xalqaro hamjamiyatga topshirmoqda. Urushning oldi olindi”.

Prezidentning bayonotiga respublikachilar nomidan Janubiy Karolina shtati gubernatori Nikki Heyli munosabat bildirdi.

"Respublikachi prezident Eron emas, Isroil manfaatlarini ko’zlab ish tutgan bo’lar edi”,- dedi u.

Mett Gammon - jamoatchilik fikrini o’rgangan tahlilchi:

“Prezidentning gaplarini tinglashdi, lekin uning chaqiriqlari va takliflariga javob berishmasa kerak. Obama xalqqa g’amxo’r va o’ziga xos o’zgarishlar qilishga muvaffaq bo’lgan rahbar sifatida tarixga kirmoqchi ekani aniq”.

Muxolifat bilan murosa qila olmagan prezident siyosiy tarqoqlikda respublikachilarni ayblab keladi.

“Amerika iqtisodi chatoq degan gaplar asossiz.”.

Oq uyga intilayotgan respublikachilar, jumladan Donald Tramp va Ted Kruz demokrat rahbarning har bir gapini ijtimoiy tarmoqlarda qoralab turdi. Ular Obamani safsatabozlikda aybladi.

"Amerika Qo'shma Shtatlari yer yuzidagi eng qudratli davlat. Bu borada biror shubhaga o'rin yo'q. Hech bir yurt biz bilan tenglasha olmaydi", - deydi Prezident Barak Obama Kongressda oxirgi hisobotini berar ekan.

Amerika qudrati uning arsenalida emas, deydi Obama, balki oshkora jamiyatda, madaniyat va fikrlar xilma-xilligida. AQShni vayron qilmoqchi bo'lgan terrorchilar yo o'lik yo qamoqda yo nishonda. Terrorizmga qarshi kurash uzoqni ko'zlovchi puxta strategiya talab qiladi, Guantanamo qamog'idek inshootlar emas, uni yopish vaqti yetgan va yopiladi ham, deydi u.

Demokratlar va respublikachilar Obama qanday prezident ekani va qay jihatlari bilan yodda qolishi haqida turlicha fikrda.

“Amerikaliklar tirishqoq, ezgu niyatli insonlar, men xalqimga ishonaman”, deydi Obama.

Partiyadoshlar uning bu gaplarini quvvatlaydi.

“Prezident Kongressda nafaqat bugungi vaziyat balki kelajak haqida ham so’zladi. Juda samimiy. Ongimizga ta’sir qiladigan so’zlar aytildi. Mening nazarimda, bu siyosiy ma’ruza emas edi. Obamaning qalb so’zlari. Boshdan oyoq o’zi yozgan uni”, - deydi kongresmen Elliot Engel.

“Prezident Amerikaning xalqaro maydondagi roli, liderligi xususida yaxshi gaplar aytdi. Qadriyatlarimiz, tamoyillarimizga urg’u berdi. Liderlik kuchli iroda talab qilishini qayta-qayta ta’kidladi”, - deydi senator Ben Kardin.

Respublikachilar nazarida esa prezident kuchli notiq lekin…

“Moliyaviy muammolar, iqtisod va “Islomiy davlat”ga qarshi kurash haqida aniq bir narsa demadi”.

“Gap sotish oson, u so’zga chechan, biroq maqsadlarimizga qanday yetamiz?”

Saylovga 10 oy qoldi. Obama yurtdoshlarini o’ylab ovoz berishga undadi.

“Bugungi nutqim qisqaroq. Bilaman, hammangizning xayolingizda saylov”.

Prezidentlikka respublikachi nomzodlardan Kris Kristi:

“Kongressdagi hisobotda prezident konkret ishlar emas, amalga oshira olmagan orzular haqida vaz o’qidi”.

Yana bir nomzod Jeb Bush deydiki, Obama o’zga bir dunyoda yashaydi, Amerika xalqi kundalik ravishda yuzlashayotgan muammolardan bexabar.

Oq uy nazarida bu gaplar saylovoldi kampaniyasining bir qismi, siyosat. Respublikachilar, prezident fikricha, noto’g’ri yo’lda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG