Prezident Barak Obama Entonin Skaliyaning vafotidan so'ng Oliy sudda bo'sh qolgan o’ringa Merrik Garlend nomzodini ko’rsatdi.
63 yashar Garlend federal sudya bo'lib, 1997-yildan beri Vashington apellyatsiya sudida ishlaydi.
Muxolif respublikachilar prezidentdan yangi sudyani tayinlashni 2017-yilda keladigan keyingi prezidentga qoldirishni so'ragan edi. Gap shundaki, Skaliya konservativ sudya edi, uning vafotidan so'ng Oliy sudda liberal va konservativ qarashlarga ega to'rttadan sudya qoldi. Respublikachilar o'zlariga yaqin huquqshunosning Oliy sudga tayinlanishini istagan.
Garlend mo'tadil qarashlarga ega yurist ekani aytiladi.
Obamaning aytishicha, bu lavozimni mustaqil fikrlaydigan, obro'li va e'tiborli, huquq sohasida bilimi o'tkir mutaxassis egallashi kerak.
AQShda Oliy sud a'zolari o'z ixtiyori bilan iste'foga chiqmaguncha yoki umrining oxirigacha ishlaydi.
Garlendni endi Senat Adliya qo'mitasida qator tinglovlar kutmoqda. Shundan so'ng uning nomzodi Senatda ovozga qo'yiladi.