Breaking News

Shvetsiya sudi ikki o'zbekistonlikni qo'yib yubordi


Obidxon Nazarov 2006-yildan beri Shvetsiyada yashaydi
Obidxon Nazarov 2006-yildan beri Shvetsiyada yashaydi

Bu o'zbekistonliklar taniqli imom Obidxon Nazarovni nishonga olgan shaxsga yordamlashganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Prokuror Krister Petersson fikricha, jinoyat ortida O'zbekiston maxfiy xizmati turibdi.

Lekin sud nazarida isbot-dalil yetishmaydi. Imom shu yilning 22-fevralida Stromsund shahrida, o'z uyi oldida otib ketilgan. Halok bo'lmagan, ammo hushsiz yotibdi.

Jinoyatchi, deya bildiradi shved politsiyasi, O'zbekiston pasporti va Rossiya haydovchilik guvohnomasiga ega. Uni qamoqqa olish haqida xalqaro order berilgan.

Sudlangan juftlik, ikkisi ham 31 yoshda, jinoyatchiga uyidan joy bergan, uning niyati haqida yaxshi bilgan va har tomonlama yordamlashgan, deydi tergovchilar. Imom otilgach, ular o'z kompyuterlari va mobil telefonlarini tozalagan, deyiladi aybnomada.

Har ikki o'zbekistonlik sudga o'zini begunoh deb tanishtirgan. Ularni vataniga deportatsiya qilish talabi sud tomonidan rad etilgan.

Sud ayblanuvchilarni ozod etgan bo'lsa-da, hukmga ko'ra, imomga nisbatan hujum siyosiy maqsadlarni ko'zlagan, ya'ni uningdek tanqidchi va muxolifatchini yo'q qilishni. Bu jinoyat ortida xorijiy tashkilot turganiga shubha yo'q, deyiladi sud qarorida.

Imom Shvetsiyada 2006-yildan beri yashab keladi. Vatanini u 2005-yilda Andijon fojiasi ketidan siyosiy bosim ostida tark etgan.

O'zbekiston hukumati Obidxon Nazarovni terrorchi deb hisoblaydi va uning hibsga olinishini istaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG