Xalqaro Qizil Xochning bildirishicha, bugun, seshanba kuni Suriyaning Madaya shahriga zarur insonparvarlik madadi yetkazilgan. Bu yordamni Livan bilan chegaradosh shaharga Xalqaro Qizil Xoch, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Suriyadagi Qizil yarimoy jamiyati birgalikda eltgan. Yaqin kunlarda ko'proq ko'mak yo'lga chiqishi kerak.
Isyonchilar nazoratidagi Madaya shahri bir necha oydan beri armiyaning qamalida edi. 42 ming aholi yashaydigan shaharga oxirgi bor ko'mak oktabrda olib borilgan. BMTning bildirishicha, shaharda odamlar ochlikdan nobud bo'lmoqda.
"Ko'rganlarimiz odamning yuragini ezdi", - deydi Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasidan Pavel Krjisek. "Ko'plar yordamni kulib qarshi olgan, lekin juda sillasi qurgan insonlar ham talay edi", - deydi u.
BMTning gumanitar masalalar bo'yicha vakili Stiven Obrayanning aytishicha, 400 kishi zudlik bilan evakuatsiya qilinib tibbiy ko'rikdan o'tishi lozim, aks holda ular nobud bo'lishi hech gapmas.
Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jafariyning so'zlariga ko'ra, uning hukumati xalqaro insonparvarlik yuklari qatnovida hamkorlik ko'rsatmoqda. Biroq Jafariy Madaya shahrida ocharchilik hukmron ekanini rad etdi. Uning dushanba kuni BMTda so'zlashicha, shahardagi vaziyat haqida yolg'on axborot tarqatilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro yordamni qurollangan terrorchi guruhlar o'marayotgan holatlar bor, deydi u.
Vashington ham barcha tomonlarni Madaya shahriga ko'mak uzatishda birday jonbozlik ko'rsatishga undamoqda. AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer so'zlariga ko'ra, shaharga shu paytgacha eltilgan madad yetarli emas va Suriya hukumati gumanitar yuk muhtojlarga yetib borishiga imkon berishi lozim. "Madaya shahridagi tanazzul Assad ma'muriyati sodir etayotgan zulmning yana bir ko'rinishi, xolos. Bunga aslo yo'l qo'yish mumkin emas", - deydi Pauer.
BMT hisob-kitobiga qaraganda, Suriyada 13 yarim million inson ko'makka muhtoj. To'rt million fuqaro o'lkani tashlab qochgan, olti yarim million kishi vatanning o'zida sargardon.