Breaking News

Suriyada janglar, yana bir diplomat qochgan


Halabdagi manzara, 31-iyul, 2012-yil.
Halabdagi manzara, 31-iyul, 2012-yil.
Suriya muxolifati bir necha shaharlar, ayniqsa, Halabda shiddatli janglar kechayotganini aytmoqda.

Dar’o, Damashq, Idlib va Deyr Ezzor qonga botgan, deydi ular. Xorij matbuoti mamlakatda erkin harakat qila olmagani bois bu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyani o’ylab, aqlimiz lol, deydi.

Otishma va olishuvlarning tinch fuqaro hayotini barbod qilayotganiga tinch qarab tura olmaymiz, deydi u.

Pan Gi Mun tomonlarni vazminlikka va ortiq qon to’kmaslikka da’vat etadi. U, shuningdek, prezident Bashar al-Assadni kimyoviy qurolni qo’llamaslikka chaqiradi.

AQSh rahbari Barak Obama va Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyip Erdog’an ham kecha telefonda Suriyani yangi davrga yo’naltirish borasida gaplashib olgan.

Ikki arbob Assad hukumatining o’z xalqiga hujumlari, ayniqsa, Halabdagi xunrezlikni tanqid qilmoqda. Obama va Erdog’an suriyalik qochqinlarga yordam uzatishda davom etishga kelishib olgan.

Kecha Suriyaning Britaniyadagi bosh diplomati Xolid al-Ayubiy Assaddan yuz o’girgan. U o’z qarorini hukumatning muxolifatga qarshi zulmi bilan izohlamoqda.

“Uning ketishi Assad ma’muriyatiga zarbadir. Bu rejimning xatti-harakatlari xalq orasida nafrat va afsus uyg’otayotganini namoyish etadi”, - deydi Britaniya rasmiylari.
Isyonkor Ozod Suriya armiyasi vakili, Halab, Suriya
Isyonkor Ozod Suriya armiyasi vakili, Halab, Suriya

Suriyada mana bir yarim yildan oshibdiki qo’zg’olonlar tinmaydi. Mojaro 19 ming fuqaroni hayotdan olib ketgan.

BMTning Suriyadagi kuzatuvchilar missiyasi rahbari, senegallik general Babakar Gaye kuni-kecha Hims va Rastan shaharlaridan bo’lib qaytgan.

“Hims ko’z oldimizda o’qqa tutildi. Rastan shahri vayronaga aylangan”, - deydi general.
Hims, 30-iyul, 2012-yil
Hims, 30-iyul, 2012-yil

Pan Gi Munning aytishicha, safar chog’ida missiya hujumga uchragan, hech kimga ziyon yetmagan.

“BMTga qarashli o’nlab avtomobillar nishonga olindi. Karvon zirhli ekani bois xodimlarimiz omon qolgan”, - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG