Oq uy Suriyaning Idlib viloyatida hafta boshida sodir etilgan kimyoviy hujumni qoralamoqda.
Hujumni Suriya hukumati amalga oshirgani taxmin qilinadi. O'tgan uch yilda eng dahshatli kimyoviy hujum deya ta'riflanayotgan bu hodisada salkam yuz fuqaro nobud bo'lib, yana ko'plari jarohatlangan.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan ekspertning aytishicha, Assad ommaviy qirg'in qurolini ishlatgani uning xalqaro hamjamiyatdan hayiqmasligi, jazosiz qolishiga ishonchi komil ekanini namoyish etadi.
Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser Prezident Trampning bayonotini o'qir ekan, hujumda AQSh avvalgi ma'muriyatning zaifligini aybladi.
"Prezident Obama 2012-yilda kimyoviy hujumlarga chek qo'yishini aytgan, biroq va'dasini bajarmagan edi", - deydi Spayser.
Yaqin Sharq bo'yicha ekspert Stiven Xeydeman hujum Suriya hukumatining ishi deydi.
"Bir sababi shuki, Assad ma'muriyati Rossiya qo'llab-quvvatloviga ishonadi. Boshqa bir sababi shuki, ommaviy qirg'in qurolidan foydalangan tomonlarni jazolovchi mexanizm zaiflashgan va Suriya hukumati buni biladi. Bundan tashqari, Assad rejimi janglarda qo'li baland kelayotganidan va Amerikada Tramp hokimiyatga kelganidan ham dadillashgan", - deydi tahlilchi.
Xeydeman fikricha, BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya hukumatini harbiy jinoyatlar uchun jazolashi lozim. Rossiya yoki veto huquqiga ega boshqa mamlakat yo'q deb turib olsa, bu mazkur davlatlar ham jinoyatga bosh qo'shganini isbotlaydi, deydi u.
Rossiya hujumga aloqasi yo'qligini ta'kidlab keladi.
Inson huquqlari bo'yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti javobgarlarni topib jazolash kerak demoqda.
"Yillar osha ham hukumat, ham urushga tortilgan boshqa guruhlar kimyoviy qurolni ishga solib kelmoqda", - deydi tashkilot xodimi Sama Hadid. "BMTda buni isbotlovchi dalillar bor. Ammo hech kim javob chorasi ko'rayotgani yo'q", - deydi tashkilot vakili.