Breaking News

Braximiy: Suriya Somali kabi beqaror makonga aylanishi mumkin


Ozod Suriya armiyasi jangchilari Assadning askarlari bilan olishmoqda. Halab, 30-dekabr.
Ozod Suriya armiyasi jangchilari Assadning askarlari bilan olishmoqda. Halab, 30-dekabr.
Suriya hukumati va isyonchilar o’zaro urushni tugatmasa, xalqaro hamjamiyat oraga tushmasa, 2013-yil 100 ming odam nobud bo’lishi mumkin. BMT va Arab Ligasi elchisi Laxdar Braximiy shunday murojaat bilan chiqdi.

Vositachilik sa’y-harakatlariga qaramasdan prezident Bashar al-Assad ma’muriyati va qo’zg’olonchilar bir-birini mutlaqo eshitmayapti, dedi Braximiy Qohirada so’zlar ekan.

Muzokara yo’lga qo’yilib, jadal davom etishi uchun tashqi yordam zarur, deb hisoblaydi diplomat.

Jazoirlik arbob nazarida Suriyada ahvol tobora og’irlashib borayapti, fuqarolar urushi davom etsa, mamlakat Somali kabi jangarilar hukmron o’lkaga aylanishi shubhasiz.

Jahon hamjamiyati ma’qullagan va Braximiy amalga oshirishga urinayotgan tinchlik rejasi tomonlarni qurolni tashlab, murosaga ko’nishga, muvaqqat hukumat tuzib, erta saylovlar o’tkazishga chaqiradi.

Unda prezident Assadning kelajagi haqida lom-mim deyilmaydi va bu hol taraflarning til topishishiga to’sqinlik qilib kelmoqda.

Prezident lavozimidan ketmas ekan, muloqotga o’rin yo’q, deydi isyonchilar. Suriya rahbari nazarida esa urush ortida turgan aslida ajnabiy terrorchilar va Assad ularga qarshi kurashni davom ettirish qarorida qat’iy.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG