Suriyaning kimyoviy qurollarini yo’q qilish bo’yicha operatsiya xavfsizlik muammolari hamda sovuq ob-havo sababli kechiktirilyapti. Bir necha davlat yuborgan harbiy kemalar hozircha Suriya sohillariga yetib borgani yo’q. Rasmiylar belgilangan rejalar kechikib bo’lsa-da amalga oshirilayotganini aytadi.
Norvegiyaning “Helge Ingstad” kemasi xalqaro suvlarda Suriyaga kirish uchun buyruq kutmoqda. Uning yaqinida Tayko, dunyodagi eng katta yuk tashuvchi konteyner-kema. Suriyaning kimyoviy qurollarini unga ortib, dengizga olib chiqish rejalangan.Norvegiya kemasi kapitani Per Rostad xavfsizlikni uncha katta muammo deb hisoblamaydi. “Ammo boshqa mummolar, xususan konteynerlar, stanoklarning buzilishi va shu kabi boshqa to’siqlar ishimizga halal berishi mumkin”, - deydi u.
Birinchi navbatda kimyoviy aslahani Latakiya portiga yetkazish kerak. O’tgan oy Suriya armiyasi Damashq bilan Latakiya o’rtasidagi ikki shaharni isyonchilardan tortib olgan edi. Ammo xavfsizlik muammolari hamda sovuq havo tufayli 31-dekabrgacha tugatilishi mo’ljallangan ish kechga qoldirildi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining qurolsizlanish dasturi rahbari Mark Fitspatrik so’zlariga ko’ra, shu kungacha erishilgan yutuqlar salmoqli. “Atigi bir necha oy oldin Suriya qurollarini topshirishga rozi bo’ladi, deb kim o’ylabdi. Boz ustiga Rossiya, AQSh va Kanada qatorida ko’pgina boshqa davlatlar bu masalada hamkorlik qilmoqda”, - deydi u.
Norvegiya va Daniya qatorida Xitoy ham qurollar transportirovkasida ko’maklashish uchun bir kemasini yuborgan.
Maqsad, deydi tashqi ishlar vaziri muovini Li Baodon, Suriya masalasiga siyosiy yechim topishdir. “BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi sifatida Xitoy dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash vazifasini zimmasiga olgan”, - deya ta’kidlaydi u.
Xalqaro hamjamiyatning bir yoqadan bosh chiqarib ish tutayotgani olqishga sazovor, deydi Fitspatrik.
“Mojaroga aralashishni, qolaversa, Suriyaga qo’shin kiritishni hech kim istamadi. Ammo tinchlik o’rnatish, kimyoviy qurolni yo’q qilishga kelganda barcha hukumatlar hamkorlikka tayyor”, - deydi olim.
O’tgan yil avgust oyida Damashq tevaragida sodir etilgan kimyoviy hujum butun dunyoni larzaga solgan edi. Suriya hukumati bu ishga aloqasi yo’qligini da’vo qilsa-da, xalqaro bosim ostida kimyoviy qurol zaxirasini topshirishga rozi bo’ldi. Suriya muxolif guruhlari koalitsiyasidan Mahmud Al-Hamza bu qarordan mamnun.
“Qurollar yo’q qilinsa bu nafaqat Suriya xalqi g’alabasi, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham ulkan muvaffaqiyat degani. Shu bilan birga, suriyaliklar bugun qay ahvolda yashayotganini ham unutmaylik”, deydi u.
Mamlakatda sharoit nihoyatda og’ir. Internetda joylashtirilgan video lavhalarda Hims va Damashqning kuli ko’kka sovurilgan mahallalarini ko’rish mumkin. Urush boshlanganidan buyon 130 ming odam halok bo’lgan.