Oxirgi haftalarda kurd jangarilari shimoli-sharqiy Suriyaning bir qator shaharlaridan “Al-Qoida”ga aloqador kuchlarni siqib chiqardi. Ular hozir bomba hujumlariga qarshi kurash olib bormoqda.
Suriyaning kurdlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Qamishli shahri hozir jihodchi guruhlardan butunlay tozalangan. Bu yer avval bir necha oy sunniy jangarilar qo’lida bo’lib, shahar aholisi terror xurujlari va vahshiyliklar guvohi bo’lgan edi. Hozir hudud to’liq kurdlar nazorati ostida.
Suriyaning kurdlar ko’pchilikni tashkil etuvchi Qamishli shahri hozir jihodchi guruhlardan butunlay tozalangan. Bu yer avval bir necha oy sunniy jangarilar qo’lida bo’lib, shahar aholisi terror xurujlari va vahshiyliklar guvohi bo’lgan edi. Hozir hudud to’liq kurdlar nazorati ostida.
Mahalliy do’kondorlardan biri, 57 yoshli Mixtarning aytishicha, odamlar endi o’zini ancha xavfsiz sezmoqda.
“Ilgari o’g’irlash holatlari ko’p bo’lgani uchun qo’rquv hukmron edi. Asosiy muammo shu bo’lgan. Ko’plab odamlar pul talab qilish uchun o’g’irlab ketildi. Ularning ayrimlari qaytib kelmadi”, - deydi u.
Kurd mudofaa kuchlari “Al-Qoida”ga aloqador guruhlarni shahardan surib chiqarishda muvaffaqiyat qozongan bo’lsa ham, jihodchilarning mashina orqali yoki xudkushlik bomba hujumlarini qaytarishda muammolarga yuz tutmoqda.
Yozdan beri 39 ta portlash sodir bo’lgan, shundan ikkitasi xudkushlik hujumi. Kamida 30 odam halok bo’lgan, yaradorlar soni esa juda ko’p.
Portlashlarning bir nechtasi Turkiya chegarasi yaqinidagi Kobani shahrida yuz bergan. 11-noyabrda kurd Qizil xoch jamiyati idorasi oldida yuz bergan xudkushlik hujumida 11 odam halok bo’ldi. O’lganlarning biri hamshira, yana bir nechtasi yosh bola edi.
Kurdlar qo’mondoni Givan Ibrohimning aytishicha, portlashlar soni yanada oshishi kutilmoqda. Bunga qarshi kurashish uchun esa imkoniyatimiz cheklangan, deydi u.
“Kerakli texnologiya yoki tajribaga ega emasmiz. O’zimizni himoya qilish uchun nazorat punktlarida oddiy usullarga tayanyapmiz. Ya’ni, hech qanday texnologiya ishlatmaymiz. Shuning uchun tahdidlarni nazorat qilish qiyin”, - deydi u.
Kurdlar nazoratidagi shahar va qishloqlar tashqarisiga o’rnatilgan nazorat punklarida tajribasiz yosh ko’ngillilarning kelayotgan xavflarni aniqlashi qiyin. Ibrohimning aytishicha, jangari va oddiy odam orasidagi farqni anglash ham oson emas.
“Arab va kurdlarning kiyinishi, harakat qilishi, hatto terisining rangi ham bir-biriga juda o’xshash. Shuning uchun bu yerga arablarning kelib ketishi oson”, - deydi u.
Xavfsizlik bo’yicha kurd rasmiylarining aytishicha, bomba hujumini uyushtirayotganlar suriyaliklar emas, balki Saudiya Arabistoni, Liviya, Tunis va Iroqdan kelgan jihodchilardir. Ular Iroqdagi “Al-Qoida” guruhi qo’llagan texnologiya asosida qo’lbola bombalar yasamoqda.
Ular ixtiyorida, shuningdek, uzoqan nazorat qiluvchi texnologiya ham mavjud. Ibrohimga ko’ra, jangarilar Turkiya chegarasidan Suriyaga osonlikcha kirib kelmoqda. Turkiya bosh vaziri bu ayblovni inkor etadi.
“Kurd qishloqlari Turkiya chegarasidan bir necha metr uzoqlikda, xolos. Shuning uchun Turkiyadan xohlagan odam kelib, bu yerda istaganini qilib ketishi mumkin. Turkiya chegarachilari har qanday odamni bu yoqqa o’tkazib yuboryapti”, - deydi Ibrohim.
Kurdlar G’arb davlatlaridan bomba hujumlariga qarshi kurashda yordam berishni so’rayapti. Ammo ularning o’z mustaqil boshqaruvlarini e’lon qilishi Turkiyaning jahlini chiqardi. Shu bois G’arbdan yordam kelishi ehtimoli juda kam.