Suriya Prezidenti Bashar Assad isyonchilarga qarshi kurashda tinch aholiga nisbatan ham sistematik ravishda kimyoviy qurol ishlatmoqda. Suriyalik shifokorlar va inson huquqlari faollari joriy hafta chorshanba kuni AQSh Kongressida qilgan chiqishida aynan shunday dedi.
Prezident Assad kimyoviy qurol ishlatayotganini inkor etib keladi va buning isboti yo’qligini aytadi. Ilgargi xalqaro bosimga javoban u kimyoviy qurollar yo’q qilinganini ta’kiqlagan edi.
Ammo Suriya-Amerika tibbiy jamiyatidan doktor Muhammad Tennariy Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo’mitasida so'zlar ekan, Suriya harbiylari 16-mart kuni u yashaydigan Sarmin shahriga vertolyotlardan turib xlor gazi bilan hujum qilganini aytdi.
Tennariy o’sha kecha o’lgan va jarohatlangan bolalar va kattalarni tasvirlovchi videoni namoyish qildi. Shifokor yaradorlarga tibbiy yordam ko’rsatish uchun kasalxonaga borganida dahshatli manzaraga duch kelgan:
“O’nlab odamlar nafas olishda qiynalardi, ko’zlari va tomog’i kuygan, ko’plarning og’zidan qon kelgan. Kasalxona qurbonlarga to’ldi, biz odamlarni polga yotqizishga majbur bo’ldik. Kichikkina kasalxonamiz bir zumda ostin-ustun bo’lib ketdi”.
Tennariy Kongress qo’mitasiga mart oyidan buyon Suriyada amalga oshirilgan 31 ta xlor gazi hujumini tasdiqlovchi ma’lumotlar, fotosuratlar va boshqa dalillarni taqdim etdi. Guvohlarning aytishicha, xlor gazi konteynerlari yuklangan vertolyotlar faqat Suriya rahbariga tegishli, chunki boshqalarda vertolyotlar yo’q.
Ikan tibbiyot maktabidan doktor Anni Sparrou mintaqada ishlaydi, shifokorlar uchun treninglar o’tkazadi.
“Men doktorman, o’lim nimaligini yaxshi bilaman. Lekin umrimda hech qachon bolalarni o’ldirishning bundan-da pastkashroq yo’lini ko’rmaganman,” - dedi u.
Qonunchilar, shu jumladan, Vakillar palatasi a’zosi Elliot Engel rasmlarni ko’rib hayratga tushdi.
“Men tili burro odamman, lekin bolalar o’limi tasvirlangan bu suratlarni ko’rib lol qoldim”, - dedi u.
Parvozlar taqiqlangan hudud
Englel va Vakillar palatasining tashqi ishlar qo’mitasi raisi Ed Roys Pentagondan Suriyada parvozlar man qilingan hudud barpo etishni so’radi.
Bu manzil fuqarolarni temir-tersak va kimyoviy modda to'la bombalar hamda samolyotlardan tashlanadigan xlor gazidan asraydi, dedi Roys.
“Agar AQSh hamkorlari bilan birga parvozlar taqiqlangan hudud barpo etsa, bolalar uchun maktabga borsammikin-yo’qmi, degan savol hayot-mamot masalasiga aylanmaydi,” – deydi Roys.
Ammo boshqa qounchilar, jumladan, demokrat Albio Sayrs AQShning Suriya hukumati bilan mojaroga kirishishiga qarshi. Nima sababdan Suriyaning arab qo’shnilari suriyalik fuqarolarni himoya qilishga urinmayapti, deya so'raydi u.
Parvozlar taqiqlangan hududga AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer qarshi. Uning aytishicha, Prezident Obama Suriya harbiylari bilan bevosita urushga qo’shilish katta xavf, deb hisoblaydi.