Sulh kuchga kirishiga 4 kun qolganida Suriyaning Damashq va Hims shaharlarida to’qnashuvlar alanga olib, 24 kishi o’lgan.
Hukumat shahar-qishloqlardan qo’shinlarni olib chiqayapmiz desa-da, BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning ta’kidlashicha, mojaro yanada avj olayotgan ko’rinadi. “Suriya bugun urush zonasiga aylangan”, deydi u.
BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari kecha Suriya hukumatini otishmalarni to’xtatishga chaqirib bayonot qabul qildi. Unga Rossiya va Xitoy ham ovoz bergan.
Suriyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Bashar Jafariy “sulh rejasi amalga oshmasa aybni bizdan izlamang” deydi. Unga to’siq bo’layotgan, isyonchilarni moliyalayotgan mamlakatlar bor, deya Jafariy Saudiya Arabistoni, Qatar va Turkiyani tilga oldi.
Siyosatdonlar ta’biricha, mintaqada bugun Eron va Saudiya Arabistoni o’rtasida raqobat avjida. Shia va sunniy ikki jamiyat o’rtasidagi azaliy adovat “Arab bahori” ketidan yanada chuqurlashgan.
Tunis va Misrdagi qo’zg’olonlarni qo’llab-quvvatlagan Eron hozir Suriya hukumatiga tayanch. Saud qirolligi esa Bashar al-Assad rejimini ketishga, muxolifatni qurollantirishga chaqirmoqda.
To’g’ri, deydi tahlilchi Nadim Shahadi, bir-biriga zid yondashuv ko’zga tashlanadi.
“Lekin gap shundaki, qo’zg’olonlar boshlanganidan beri boshqa davlatlar, na AQSh, na Yevropa Ittifoqi, na Rossiya izchil siyosat bilan chiqqanini ko’rdik. Chunki mintaqa bunchalik ostin-ustun bo’lib ketishini hech kim kutmagan”, - deydi u.Saudiya Arabistoni va Eronning o’xshash bir jihati – har ikkisi inson huquqlariga beparvo. Lekin ular qo’shni davlatlarda aholi o’z hokimlarini o’zgartirishga haqli deb bong uradi va oppozitsion guruhlarga moliyaviy madad ko’rsatadi.
Fors ko’rfazi tadqiqot kengashi rahbari Abdulaziz Sagirning qayd etishicha, Suriya bo’yicha turlicha pozitsiyalar mintaqaviy raqobatga bir misol, xolos.
“Ziddiyatlar mohiyati arab dunyosi mazhabga qarab ikki blokka bo’linib qolganidadir. Biri Eron, ikkinchisi Saudiya Arabistoni himoyasida”.