Breaking News

Suriyada kimyoviy qurollarni yo'q qilish jarayoni boshlandi. Jon Kerri mamnun


Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (chapda) va AQSh davlat kotibi Jon Kerri Balida matbuot anjumanida, Indoneziya, 7-oktabr, 2013-yil
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov (chapda) va AQSh davlat kotibi Jon Kerri Balida matbuot anjumanida, Indoneziya, 7-oktabr, 2013-yil
Xalqaro inspektorlar Suriyada kimyoviy qurollarni yo’q qilish dasturi doirasida ularni tayyorlovchi inshootlarni ishdan chiqarishga kirishdi. Suriya yaqinda Kimyoviy qurollarni taqiqlovchi xalqaro konvensiyaga a’zo bo’ldi. Shundan so’ng BMT Xavfsizlik Kengashi uning kimyoviy arsenalini yo’q qilishga doir rezolyutsiya qabul qildi.

Mamlakat prezidenti Bashar Assad xalqaro bitimlarga rioya qilamiz, demoqda.
Kimyoviy qurollarni yo’q qilish dasturi 2014-yil o’rtalarigacha amalga oshirilishi rejalangan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri jarayon oson kechayotganini aytib, Suriya hukumatini maqtagan.

"BMT Xavfsizlik Kengashining bu boradagi rezolyutsiyasi qabul qilinganidan bir hafta o’tib amaliy ishga kirishilgani katta qadam", - dedi Kerri.

AQSh davlat kotibi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va BMTning Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy bilan uchrashib, Suriyaga doir tinchlik anjumanini noyabrda o’tkazish xususida gaplashishini aytdi. Diplomatlar bir necha oydan beri shunga harakat qilib keladi.

Braximiy Suriya hukumati va unga qarshi kurashayotgan kuchlarni shart qo’ymasdan muzokara stoliga o’tirishga da’vat qilmoqda. Muloqot Jenevada o’tishi mumkin.

Muxolif guruhlardan biri Suriya milliy koalitsiyasi muzokaralardan maqsad muvaqqat hukumatga kelishish bo’lsagina yig’inda ishtirok etamiz, demoqda. Biroq isyonchilarning boshqa guruhlari Bashar Assad hokimiyatdan ketmaguncha, hukumat bilan muloqot qilmaymiz, deydi.
XS
SM
MD
LG