Fransiyada "Terrorga qarshi kurash" haqidagi yangi qonunga ko'ra, Suriyaga safar qilmoqchi bo'lgan olti fuqaroning pasporti olib qo'yildi. Bu bilan Suriyada jangarilar safiga qo'shilish ehtimolining oldi olinmoqda.
Qonunga binoan pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar olti oyga olib qo'yiladi. Hukumatga bu muddatni cho'zishga huquq berilgan.
Ba'zi xabarlarga ko'ra, Suriyada "Islomiy davlat" safida yuzlab fransuzlar jang qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi fuqarolardan oila a'zolarining radikallashishi, ekstremistik diniy oqimlarga qiziqishiga doir holatlar haqida xabar berishni so'ragan. O'tgan yil aprelidan beri bu borada mingga yaqin holat qayd etilgan.
Bugun Fransiya AQSh yetakchiligida Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan xalqaro koalitsiyaga rasman qo'shildi. Bugundan boshlab Fransiyaning "Sharl de Gol" nomli avianosetsi jihodchilarga qarshi zarba bera boshlaydi.
Britaniya politsiyasi Turkiya orqali Suriyaga bormoqchi bo'lgan uch maktab o'quvchisini qidirib, Turkiyaga borgan. Barchasi qiz bolalar, 15-16 yoshlar atrofida. Ular bir hafta oldin uydan qochib, Istanbulga yo'l olgani aytiladi.
Tergovchilarga ko'ra, qizlar ijtimoiy sahifalarda radikal manbalarni kuzatib borgan. Ulardan biri Suriyaga 2013-yilda ketib, "Islomiy davlat"ga qo'shilgan va guruhga yangi odamlarni yollash bilan shug'ullangan dugonasi bilan aloqada bo'lgan, deyiladi xabarlarda.
Tahlilchi Jonatan Rasselning aytishicha, "Islomiy davlat"ga yollangan qizlar odatda keyinchalik o'zlari tashviqot va yollash bilan shug'ullanadi.
Ayni damda jihodchilar safiga Yevropadan uch mingcha odam qo'shilgan, shulardan 500 nafari ayollar va qizlar, deydi Rassel.