Breaking News

AQSh dunyo davlatlarini ekstremizmga qarshi kurashga chorlayapti


Qo’shma Shtatlar xalqaro jamoatchilikni ekstremizmga qarshi kurashga chorlamoqda. Vashingtonda 60 dan ziyod davlat ishtirokida sammit bo’lib o’tdi. Yoshlarning jihodchilar safiga qo’shilishini qanday bartaraf etsa bo’ladi?

AQSh dunyo davlatlarini ekstremizmga qarshi kurashga chorlayapti/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

So’nggi oylarda dunyo ahli “Islomiy davlat”, “Boko Haram” va shunga o’xshash boshqa terrorchi guruhlar sodir etgan keng ko'lamli qonli jinoyatlarga guvoh bo’ldi. Bu guruhlarga turli davlatlardan borib qo’shilayotgan yoshlar ko’p.

Ularni ekstremizm yo’liga boshlayotgan omillar, muammo o’zi nimadan boshlanadi-yu birgalikda qanday choralar ko’rish kerak, degan savollar Oq uydagi anjumanda o’rtaga tashlandi.

“Nafrat bilan yo’g’rilgan g’oyalar har qayoqdan kelishi mumkin. Ota-ona, muallim, diniy yetakchilardan, siyosatchilardan va hokazo”, - deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

Jihodchilar bugun yangi a’zolarni yollash uchun, propaganda uchun qo’llayotgan asosiy vosita internetdagi ijtimoiy tarmoqlardir.

O’tgan oy “Islomiy davlat” guruhi iordaniyalik bir uchuvchini qafasda tiriklayin yoqib, videosini internetda tarqatdi. Iordaniya shundan beri Suriyadagi jangari mazillarini zo’r berib bombardimon qilmoqda.

Zo’ravon ekstremizm muayyan bir dinga mansub emas, deydi mamlakat Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda.

“Bu faqat musulmonlarning muammosi deganlar adashadi. Xalqaro hamjamiyat bu baloga qarshi birgalikda chora ko’rishi kerak”.

AQSh razvedkasi hisobicha, Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” safida 20 ming xorijlik bo’lsa, shundan 3,400 nafari G’arb mamlakatlaridan.

Jihodchilar chetdan odam yollashini to’xtatish uchun AQSh hukumati ishni mahalladan, oiladan boshlamoqda. Mahalliy faollar, diniy yetakchilar va huquq-tartibot idoralari orasida hamkorlik yo’lga qo’yilgan.

Katta muhojir jamoalar yashaydigan, yo’qsil mahallalarda yoshlar nima bilan mashg’ul? Ular uchun qanday imkoniyatlar bor?

“Tartib-qonunlar amal qilmasa, ta’limiy dasturlar bo’lmasa, oilalar tirikchilik qilishi sharoit yaratilmasa, fuqarolar adolatsizlik va korrupsiyadan pana joy topa olmasa, beqarorlik va tartibsizlik shundan kelib chiqadi. Ekstremistlar ana shunday joylardan odam qidiradi”, - deydi prezident Barak Obama.

Radikalizmning oldini olishda diniy yetakchilarning roli muhim.

“21-asrda “Islomiy davlat” sodir etayotgan vahshiylik, jaholatni tasvirlashga so’z ojiz”, - deydi Oq uydagi sammitda qatnashish uchun Albaniyadan kelgan muftiy Yulli Gurra.

Prezident Obama kelasi yilgi byudjetda Davlat departamentining aksil-terrorizm bo’yicha hamkorlik dasturlariga qariyb 400 million dollar ajratishni so’ramoqda.

Obamaning davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchisi Syuzan Rays:

"Qo’shma Shtatlar Shimoliy Afrikada yangi tashabbuslar bilan chiqadi, mintaqa davlatlariga jangarilar bilan kurashda ko’maklashadi. Kollektiv sa’y-harakatlarimiz qanchalik samara berayotganini sarhisob qilib boramiz”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining shu yil kuzda o’tadigan majlisida ekstremizmga qarshi global choralar va ularning natijasi asosiy mavzu bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG