Breaking News

Suriya hukumati: Jiddiy muhokamaga o’taylik


Suriya hukumati Jenevada jiddiy muhokamalar boshlanmasa, tinchlik anjumanini tark etishi haqida ogohlantirayapti.

Konferensiya bugun rasman ish boshlashi kerak edi, lekin taraflar yuzma-yuz ko’rishmagan. Bundan norozi Suriya hukumati shanbaga qadar muhlat bermoqda.

Rahbariyat va muxolifat alohida xonalarda majlis qilayotgani, BMT-Arab Ligasi maxsus vakili Laxdar Braximiy orada qatnab yurgani ma’lum.

Suriya hukumati prezident Bashar al-Assadning ketishi haqida gaplashmas ekan, oppozitsiya yuzma-yuz ko’rishishdan naf yo’q, deb hisoblaydi. Rasmiy Damashq esa isyonchilarni terrorizmda ayblaydi.

Suriya muxolifati yetakchisi Ahmad Jarbaning aytishicha, Suriyada hukmron tuzumning kuni bitgan. Biroq muzokaralar davom etishi g’oyat muhim, deydi u.

Jenevadagi konferensiyadan maqsad Suriyada muvaqqat hukumat tuzish. Biroq tahlilchilar nazarida bu juda mushkul vazifa va konferensiyada boshqa mavzular, xususan, insonparvarlik yordamini eltish, muayyan hududlarda otishmani to’xtatish kabilarga erishiladi.

Bu orada, al-Qoida rahbari Ayman al-Zavohiriy Suriyada isyonchilar kuchlarni o’zaro urushni bas qilishga da’vat etayapti. U bor kuchni prezident Bashar al-Assadga qaratish zarur, deydi.

Al-Qoida bilan aloqador jangchilar Jenevadagi tinchlik muzokaralarini tan olmasdan, olishuvni davom ettirmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG