Breaking News

Suriya tinchlik anjumani muvaqqat hukumat tuzishni ko'zlamoqda


(Chapdan) AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya muloqoti oldidan, Shvetsariya, 21-yanvar, 2014-yil.
(Chapdan) AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Suriya muloqoti oldidan, Shvetsariya, 21-yanvar, 2014-yil.
BMT Bosh kotibi Tehronning Suriya muzokaralarida ishtirok etish iltimosini rad etgach, Rossiya va Eron bu qarorga nisbatan o’z noroziligini izhor etdi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning so’nggi daqiqalarda qabul qilgan qarorini xato deb atadi.

Unga ko’ra, muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun Eronning ishtiroki muhim.

Eron Tashqi ishlar vazirligi ham Pan Gi Munning qarorini keskin qoralab, uning tashqi bosimlar ta’siri ostida qabul qilinganini ta’kidladi.

Shvetsariyada davom etayotgan muzokaralarning ijobiy natija berishiga ishonch kam. Konferensiya boshlanishi arafasida Assad hukumati 11 ming mahbusni qiynab o’ldirgani haqida xabarlar paydo bo’ldi.

Urush jinoyatlarini tekshiruvchi xalqaro prokurorlar va tibbiy ekspertiza mutaxassislaridan iborat guruh tayyorlagan hisbot Suriya hibsxonalaridan yashirincha olib chiqilgan minglab rasmlar asosida tayyorlangan.

Hisobotda yozilishicha, 55 ming surat o’rganib chiqilishi natijasida mahbuslarning ochlik, bo’g’ilish va kuchli do’pposlash kabi qiynoqlar natijasida halok bo’lgani aniqlangan.

Urush jinoyatlarini o’rganuvchi prokurorlardan biri Desmond de Silvaning aytishicha, Assad rejimi sodir etgan bu jinoyatlar fashistlarning o’lim lagerlarida yuz bergan ommaviy qatllarni eslatadi.

22-yanvar kuni boshlanadigan muloqot doirasida Assad hukumati va muxolifat vakillari o’zaro uchrashadi. Tinchlik konferensiyasida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan rasmiylar qatnashishi kutilyapti.

Muzokaraning ilk bosqichida barchaga o’z qarashlarini olg’a surish imkoniyati beriladi. Ikkinchi asosiy qismda esa Suriya hukumati va muxolifat vakillari hamda Laxdar Brahimiy rahbarligidagi BMT va Arab ligasi rasmiylari muzokaraga kirishadi.

Tinchlik konferensiyasi AQSh va Rossiya tomonidan tashkil etilgan bo’lib, unda Suriyadagi urushga nuqta qo’yuvchi sulhga erishish hamda o’tish hukumatini tuzish ko’zda tutilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG