2011-yilning bahorida Suriyada hukumatga qarshi qo’zg’olon boshlanganida bu jamiyat internetdan uzilib qolgan edi. Prezident Bashar al-Assad avvalo global tarmoqqa to’siqlar qo’ygan o’shanda. Lekin odamlar baribir yo’lini topdi, Suriya xalqi hamon tashqi dunyo bilan aloqada, deydi kuzatuvchilar.
Internet shunday vositaki, deydi arab faollar, ommani undan qanchalik uzoqlashtirmoqchi bo’lsangiz, erkin foydalanishini cheklasangiz, odamlar unga shunchalik ko’p qiziqa boshlaydi va yangidan yangi yo’llarini topadi.
Internet shunday vositaki, deydi arab faollar, ommani undan qanchalik uzoqlashtirmoqchi bo’lsangiz, erkin foydalanishini cheklasangiz, odamlar unga shunchalik ko’p qiziqa boshlaydi va yangidan yangi yo’llarini topadi.
“Suriyada qo’zg’olonlar ketidan internet yanada ommalashdi. Undan oldin internetga asosan yoshlar kirar edi”,- deydi Hozan Ibrohim, Assad tuzumidan qochib hozir Germaniyada yashayotgan huquq himoyachisi.
“Mamlakat notinch ekan, davlat kanalidan to’ygan odamlar axborotni internetdan ola boshladi. Hukumat blokirovkasi ish bermadi. “Facebook” tarmog’iga a’zolar 3-4 baravar oshdi. “Skype” va elektron pochta asosiy aloqa vositasiga aylandi”,- deydi faol.
Hozan Ibrohim deydiki, Suriyaning ayrim qismlarida 3G hamon bor va Iordaniya, Turkiya va Livan bilan chegaradosh hududlarda yashaydigan aholi bu davlatlar orqali ham internetga kira oladi.
Xalq uchun imkoniyatni oshirgan yana bir narsa - chet el provayderlari Suriya chegarasida yangi minoralar o’rnatdi. Internet xizmati arzon emas, ammo odamlar uchun suv va havodek zarur vositaga aylandi.
“Odamlar Suriyaning sim kardini ishlatishga qo’rqadi. Mamlakatning katta qismlarida internetga kirish qiyin. Internet qimmat. Turkiya sim kardlari esa turk telefonlarida ishlaydi xolos. Bu degani suriyaliklar internetga kiraman desa, telefonini yangilashi kerak”.
Hukumat uyali aloqani yaqindan kuzatadi va ko’plab insonlar shu sabab ham rejim tuzog’iga ilingan. Chet elda yurgan faollar tinimsiz izlanishda, deydi Hozan Ibrohim.
"Bilasizmi, nima qilishayapti? Faollar o’lgan odamlarning ism-sharifidan foydalanib, sim kardlar sotib olishayapti”,- deya hikoya qiladi suhbatdosh.
Sami Ibrohim ismli suriyalik esa ehtiyotkorlik eng muhim masala deydi. U Suriya Inson Huquqlari Tarmog’i degan tashkilotga ishlaydi. Hims va Damashqda jang maydonlarini ko’zdan kechirib, ma’lumot uzatib kelayotgan oz sonli faollardan biri. O’lganlar sonini sanayotganlar ham shular. Telefon va internet aloqa hukumat nazoratida, deydi u.
“Serverlarimiz har 2-3 kunda yo Eron, yo Rossiya texnologiyalari yordamida tajovuzga uchraydi. Bir amallayapmiz lekin serverlar ishdan chiqsa, biz hech kim bilan aloqa qilolmaymiz va ma’lumot uzata olmaymiz. Qo’limizdagi texnologiya zamon sinovlariga hozircha chidab berayapti”,- deydi u.
Livandan turib “Human Rights Watch” inson huquqlari xalqaro tashkilotiga ishlayotgan Lima Fakih deydiki, uning tashkiloti ham serverlarni himoya qilish bilan band.
“Kompyuter tizimlarimizga tahdid Suriyaning ichidan emas, tashqaridan keladi”,- deydi mutaxassis.
U singari boshqalar ham Eron va Rossiyani kiber hujumlar qilinayotgan o’lkalar deb hisoblaydi.
Sami Ibrohimning aytishicha, faollar hukumat qo’liga tushganida ularning “Skype” va “Facebook” kontaktlari elakdan o’tkaziladi. Aynan shu bois mahbuslar og’ir qiynoqqa solinganiga ko’p marta guvoh bo’ldik, deydi u.
“Bir safdoshimiz, rafiqasi va o’gli ushlandi. Ularga “Skype” va “Facebook” dagi sahifalarini ochtirib, kim bilan gaplashgani haqida ma’lumot talab qilishgan. Yo’q desangiz, azoblanasiz”.
Shunday bo’lsa-da, odamlar axborot olgisi keladi va man etilgan manba va vositalardan foydalanadi. Suriyaning ko’plab hududlarida tok kuniga 10 soat bor xolos. G’arb davlatlari muxolifat va faollarni sun’iy yo’ldosh orqali ishlaydigan telefonlar bilan ta’minlamoqda. Lekin bu yetmayapti, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan suriyaliklar. Ular ko’proq moddiy madad so’ramoqda.