Suriya hukumati AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarini Dayr az-Zo'r viloyatida Suriya armiyasi harbiy lagerini nishonga olganlikda ayblamoqda. Buni Londondan turib Suriyadagi vaziyatni yorituvchi faolar ham tasdiqlamoqda.
Havo hujumida uch askar o'lgan, 13 nafari yaralangan. Suriya Tashqi ishlar vazirligi BMT bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashiga maktub yo'llab, xurujlarni qoralagan hamda bu kabi voqealarning takrorlanmasligini ta'minlash uchun chora ko'rishga chaqirdi.
Koalitsiya kuchlari matbuot kotibi polkovnik Stiv Uorrenga ko'ra, koalitsiya samolyotlari viloyatdan 50 kilometr narida harakatlangan.
"Samolyotlarimiz o'tgan hafta Dayr az-Zo'rda "Islomiy davlat" jangari guruhi nazoratidagi neft inshootlarini 20 dan ziyod marotaba nishonga olgan", - deydi polkovnik.
AQSh harbiylaridan birining Reyter axborot agentligiga aytishicha, hujum Rossiya harbiy-havo kuchlarining ishi.
Bu o'rtada AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriya siyosiy kelajagiga doir navbatdagi muloqot shu oy oxirida Nyu-Yorkda bo'lib o'tadi.
Bungacha 10 dan ortiq davlat tashqi ishlar vazirlari Venada uchrashgan edi.
"Kelajakda o'z rahbarlarini saylov orqali tanlay oladigan Suriyaning bo'lishi tarafdorimiz, saylovlarning BMT nazorati ostida xalqaro qonunlarning yuqori andozalariga rioya qilgan holda shaffof va halol o'tkazilishi tarafdorimiz", - dedi Kerri.