Breaking News

"Islomiy davlat"dan tortib olingan Palmira shahri minalardan tozalanmoqda


Suriya armiyasi Rossiya harbiy-havo kuchlari yordamida 10 oy oldin jangarilar qo'liga o'tgan ko'hna Palmira shahrini qaytarib olishga muvaffaq bo'ldi.
Kuzatuvchilar nazarida, ramziy ma'noga ega bu g'alaba "Islomiy davlat" guruhiga jiddiy strategik zarba bo'ldi.

Palmira qadimiy shahar, undagi ayrim imoratlar salkam ikki ming yillik tarixga guvoh.

Palmira uchun janglar uch hafta davom etdi. Shaharning strategik ahamiyati shundan iboratki, u poytaxt Damashqni mamlakatning sharqiy hududlariga bog’lovchi trassa bo'yida joylashgan.

Xabarlarga ko'ra, jangarilar sharqdagi Dayr az-Zo'r tomon chekingan. Armiya ularga qarshi amaliyotlarni endi Palmiradan turib rejalaydi.

Ayni damda sapyorlar jangarilar qoldirib ketgan portlovchi moddalar, minalar, qo'lbola bombalarni zararsizlantirmoqda, rus mutaxassislari ularga bunda yordam bermoqda.

Palmira uchun janglarda 400 jangari va 180 askar nobud bo'lgani aytilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun YUNESKOning tarixiy obidalar ro’yxatiga kiritilgan shaharning ozod etilganini olqishladi.

"Palmiradagi noyob madaniy yodgorliklarning Suriya hukumati qaramog’iga qaytganidan xursandmiz. Hukumat ularni muhofaza qilibgina qolmay, tiklashini ham bildirdi. Buning uddasidan chiqishadi degan umiddaman”, - dedi bosh kotib.

Prezident Bashar Assad Palmiraning ozod etilishini muhim yutuq deb, g’alaba Suriya armiyasi va ittifoqchilarining terrorga qarshi kurashni eplayotganini ko’rsatmoqda, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG