Kecha AQSh va Rossiya Suriya sulh rejasi bo’yicha kelishib olgach, Suriya hukumati rejani qabul qildi, ammo "Islomiy davlat" va al-Qoidaga aloqador guruhlarga qarshi amaliyotlarini davom ettirishini bildirdi.
Rossiya ham terrorchi guruhlarga qarshi havo hujumlarini to’xtatmoqchi emas. Bu haqda Prezident Vladimir Putin AQSh rahbari Barak Obama bilan telefon orqali suhbatda ham so’zlagan.
"Muxolifat Suriya Arab respublikasi va uni qo’llab-quvvatlayotgan guruhlarga qarshi janglarni to’xtatadi. IShID, Jabhat al-Nusra va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan boshqa tashkilotlarga sulh bitimi taalluqli emas. Ularga zarba berishda davom etamiz”, - dedi Putin.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Tonerning aytishicha, sulhni nazorat qilish oson bo’lmaydi.
"Vaziyat murakkab. Agar sulh mexanizmini harakatga keltirsak, buning uddasidan chiqamiz, ammo birinchi kundanoq silliq kichadi deb o’ylamayman”, - deydi AQSh rasmiysi.
AQSh va Rossiya tashabbusi bilan erishilgan kelishuvga ko'ra, Suriya hukumati va muxolifat BMT rahbarligida o'tadigan barcha siyosiy jarayonlarda qatnashishi shart. Shuningdek, tomonlar o'rtasida har qanday qurol vositasida amalga oshiriladigan hujumlar to'xtatilishi kerak. Yangi hududlarni qo'lga kiritishga ham yo'l qo'yilmaydi.
Tomonlar faqat mudofaa zarurati tug’ilgandagina kuch ishlatishi mumkin; insonparvarlik yordami tarqatuvchi tashkilotlarga qamal ostidagi hududlarga borishga to’siq qo’yilmaydi.
Damashq aholisi sulh bo’yicha kelishuvni olqishlamoqda. Otishmalar 27-fevral kundan to'xtashi rejalangan.