Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko'ra, Suriya armiyasi o'tgan yil noyabrida shimoldagi Raqqa shahrida tinch aholini havodan nishonga olib, inson huquqlarini buzgan. Tashkilotning bugun chop etilgan hisobotida havo hujumi oqibatida 115 odamning o'lgani aytiladi.
Bu hisobotni tayyorlashda guruh mutaxassislari telefon va Skype orqali voqea guvohlari, mahalliy faollar bilan gaplashgan. Ularga ko'ra, hujumga uchragan hudud atrofida harbiy nishonlar bo'lmagan.
Raqqa "Islomiy davlat" jangarilari qo'lida, biroq bu bilan hukumat mintaqada yashovchi aholini o'qqa tutishi mumkin degani emas, deyiladi hisobotda.
"Suriya qurolli kuchlari urush qoidalarini inkor etib, harbiy jinoyatlar sodir etgan", - deydi Xalqaro Amnistiya xodimi Filip Lyuter.
Suriyadagi harbiy jinoyatlarni taftish etish bilan shug'ullanayotgan BMT komissiyasi yaqin kunlarda inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotgan shaxslar ismlarini oshkor etishini bildirdi.