Rossiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, Suriyaning Halab shahriga gumanitar yordam yetkazilishi uchun otishma va hujumlar vaqtincha to’xtatiladi.
“Insonparvarlik karvonining Halabga kirib borishini kafolatlash maqsadida har kuni ertalab soat 10 dan 1 gacha harbiy amaliyotlar olib borilmaydi”, - deydi general-leytenant Sergey Rudskoy.
Hafta boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriya shimolidagi by shaharda gumanitar inqiroz hukm surayotgani haqida bong urgan edi. Ikki million aholi suv va elektr tokidan mahrum.
BMT agentliklari qamal ostida qolgan shaharga ko’mak yetkazish va aholini evakuatsiya qilish uchun haftada ikki kun gumanitar tanaffus joriy etishni so’ragan.
Bir guruh shifokorlar Halabdagi ayanchli ahvolni qog’ozga tushirib, Prezident Barak Obamaga ham maktub yo’llagan.
Bashar Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan isyonchilar so’nggi kunlarda armiya qamalini yorib o’tishga muvaffaq bo’ldi. Hukumat hududga qo’shimcha kuchlarini safarbar etmoqda.