Suriya hukumati va ayrim muxolif guruhlar o’rtasida Rossiyada bo’lib o’tgan muloqot natijasiz yakunlandi. Qonli urush to’rt yildan buyon davom etmoqda.
Prezident Bashar al-Assadning yaqin ittifoqchisi bo’lmish Rossiya tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilib keladi.
Oppozitsiya yetakchilaridan biri, Suriyada “O’zgarish va erkinlik fronti” deya atalmish guruh rahbari Qadri Jamil xalqaro darajada yana bir tinchlik anjumani o’tkazishga chaqirmoqda.
Muzokarada Damashqdan rasmiylar qatnashdi, biroq G’arb tomonidan quvvatlangan muxolif guruhlar koalitsiyasi ishtirok etmadi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov fikricha, AQSh Suriyadagi ayrim oppozitsion guruhlarga harbiy ko’mak yetkazib, treningdan o’tkazayotgani mojaro yanada alanga olishiga olib keladi.
Bu orada, Damashq yaqinida joylashgan falastinlik qochqinlar lageri “Islomiy davlat” terror guruhi nazoratida qolmoqda. Falastin ma’muriyati Suriya armiyasi bilan birgalikda jangarilarga qarshi harbiy operatsiya o’tkazishi haqidagi xabarlarni rasmiylar inkor etdi.
Lagerda taxminan 18 ming falastinlik yashaydi, jumladan ayollar va bolalar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ularga gumanitar yordam yetkazishga undamoqda.
Suriyada to’rt yillik fuqaro urushi shu kungacha 220 ming odamning boshini yedi. Shveysariyada BMT homiyligida o’tgan tinchlik muzokaralari natija bermagan.