Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Qo'shma Shtatlar bilan muzokaraga tayyor, lekin o'zaro hurmat talab qilayapti.
AQShning "Si-Bi-Es" telekanali bilan intervyuda Assad Davlat kotibi Jon Kerrining yaqinda qilgan bayonotiga munosabat bildirdi. Kerri Suriyadagi fuqarolik urushiga barham berish uchun Amerika oxir-oqibat Assad hukumati bilan gaplashishi kerak bo'ladi, degan edi.
Suriya rahbarining aytishicha, hozircha bayonotlardan nariga o'tilgani yo'q va nizoni hal qilishda Amerika siyosatida aniq o'zgarish kuzatilmayapti. Ammo, deydi Bashar al-Assad, har qanday dialog ijobiy hol va Suriya rahbariyati Qo'shma Shtatlar bilan muzokaraga ochiq. Faqat bir shart bilan - o'rtada hurmat bo'lishi kerak, deydi u.
Vashington va Damashq o'rtasida hozir bevosita muloqot yo'q, deydi Assad. Davlatlar o'tgan yili diplomatik rishtalarni to'xtatgan edi.
Obama ma'muriyati 210 mingdan oshiq odamning boshini yegan bu nizoga siyosiy yechim topishga da'vat etib keladi.
Bu orada, BMT mamlakatdagi gumanitar halokat tobora qo'rqinchli tus olayotgani haqida eslatdi.
Tashkilotning gumanitar masalalar bo'yicha vakilasi Valeri Amosning BMT Xavfsizlik Kengashida so'zlashicha, ochlik, tashnalik, dori-darmon yetishmasligidan o'lim xavfi bilan yuzlashayotgan suriyaliklar soni 440 mingga yetgan.
Amos Kengashdan Prezident Assadga halokat ko'lamini yetkazishni, o'n minglab odamlar tezkor yordamga g'oyat muhtoj ekanini eslatishni so'radi.
BMT va hamkorlar millionlarni har oy yordam bilan ta'minlaydi, chegara osha madad yetkazadi. Biroq xalqaro hamjamiyat va'da qilgan moliyaviy ko'mak vaqtida yetib kelmayapti, deydi BMT rasmiylari.