Xabarlarga qaraganda, "Islomiy davlat" jangari guruhi Al-Qoidaning Suriyadagi qanoti "Jabhat al-Nusra fronti"ga qarshi uch xuruj uyushtirgan. Rossiya Mudofaa vazirligining razvedka ma'lumotlariga tayanib bildirishicha, jangarilar hudud va pul talashmoqda.
Bu mamlakat Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning aytishicha, Rossiyaning Suriyada olib borayotgan harbiy kampaniyasidan asosiy maqsad Suriya Prezidenti Bashar Assadni hokimiyatda saqlab qolish emas, balki "Islomiy davlat" jangari guruhini mag'lub etib, Rossiya xavfsizligini ta'minlashdir.
"Rahbarlikka kimni saylashni esa Suriya xalqining o'zi hal qilsin", - deydi Medvedev.
Kreml Suriyaning siyosiy kelajagi bo'yicha AQSh bilan muzokara qilish uchun bosh vazir yetakchiligidagi hukumat delegatsiyasini Amerikaga jo'natmoqchi edi, biroq Vashington rad javobini berdi. Oq uyga ko'ra, AQSh va Rossiyaning Suriyadagi maqsadlari mushtarak emas. Medvedev AQShning bu qarorini tanqid qilib, Prezident Barak Obamani zaiflikda aybladi.
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko'ra, uning Suriyadagi samolyotlari so'nggi 24 soat ichida Hamo, Latakiya, Halab va Damashq viloyatlarida islomiy guruhlarni 60 bor nishonga olgan. Natijada, deydi vazirlik vakili, jangarilarning raketa tayyorlash zavodi, harbiy texnikasi, o'q-dori omborlari, qo'mondonlik punktlari, ekstremistlarni tayyorlash lagerlari yo'q qilindi.