Urushdan qochgan minglab suriyaliklar qo'shni davlatlar va Yevropaga yo'l olishda davom etmoqda. Rossiyada joylashayotganlari ko'p emas.
BMT Qochqinlar agentligi ma'lumotiga qaraganda, joriy yilda qariyb 239 ming odam Rossiyadan boshpana so'ragan bo'lsa, ulardan 98 foizi Ukrainadan. Ariza topshirgan suriyaliklar atigi 2340 kishini tashkil etadi.
BMTning Rossiyadagi vakili Bayisa Vak-Voya deydiki, G'arbda so'nggi 60-70 yil mobaynida qochqinlarni qabul qilish an'anasi shakllangan. Rossiya uchun esa bu nisbatan yangi fenomen. Bu yerda qochqinlarga shunchaki xorijlik yoki migrant deb qarashadi. Qonunchilik nuqtai nazaridan qarashmaydi, deydi u.
Qiyos uchun - Turkiya ikki milliondan ziyod suriyalikka boshpana bergan. Germaniya shu yil oxirigacha 1,5 million odamga joy beradi. Ular asosan Suriya, Afg'oniston va Iroqdan.
Rossiya tomon oqim kamligini qisman masofa bilan izohlash mumkin. Damashqdan Moskvagacha 2,5 ming kilometr yo'lni aksar suriyaliklar samolyotda bosib o'tishga majbur. Yevropaga esa kema, avtobus va poyezdlarda yetib olsa bo'ladi. Rossiyaga kelayotganlar, asosan, bu mamlakatda do'stlari yoki sovet davrida kelib o'rnashgan qarindoshlari borligi uchun keladi.
Suriyadagi havo hujumlari qochqinlar oqimini yanada kuchaytiradi degan xavotirlar bor, lekin oqim Rossiyaga emas. Suriyaliklar bu mamlakatda vaqtinchalik boshpana olishi mumkin, biroq qochqin maqomi kamdan-kam hollarda beriladi.
Yanvar oyidan beri Rossiya 790 odamga shunday maqom bergan - shundan 419 nafari afg'on, 229 nafari ukrain va ikkisi Suriyadan. Qochqinlarga ko'mak ko'rsatuvchi tashkilot xodimi Yelena Burtinaga ko'ra, hatto Maltadek kichik orol davlat ko'proq odamga joy beradi.
"Rossiya qochqinlar to'g'risidagi konvensiyani ma'qullagan, majburiyat olgan, lekin ko'p odam qabul qilmaydi. Istamasa, konvensiyani imzolamaslik kerak edi", - deydi Burtina.
Qonun-qoidalar tobora kuchaytirilayotgani sabab, deydi faol, aksar qochoqlar Rossiyani tark etishga yoki noqonuniy ravishda qolishga majbur.
Ahmad Dabbu Suriyaning Halab shahrida janglar avj olgan bir paytda, 2012-yilda Rossiyaga kelgan edi. Hayot bu yerda qiyin, deydi u, shuning uchun Turkiyaga ketmoqchi.
"Ishimni ko'rib chiqish uchun uch oyga vaqtinchalik boshpana berishdi, so'ng arizamni rad etishdi", - deydi Ahmad.
Asosiy muammo - ish topish. Hujjatingiz bo'lmasa, ko'chada politsiya ham pul ber deb tinch qo'ymaydi.
Chegarani kesib o'tolmagan oilalar ham bor. 10-sentabrdan beri Moskva aeroportida yashayotgan suriyalik bir oilaga duch keldik. Hasan Abdu Ahmad xotini va to'rt farzandi bilan aeroportning tranzit qismida yashaydi. Vaholanki, boshpana olish uchun ariza topshirgan.
Pasportlarini soxta deb olib qo'yishgan. Aeroportni tark etsangiz, hibsga olinasiz deb ogohlantirishgan.
Abu Ahmadning rafiqasi Guliston asli Qozog'istondan. "Yuvinib-taranishga, kiyimlarni almashtirishga joy yo'q. Bolalar kasal", deydi u.
"Bu Yevropa emas sizga. Qochqindek qabul qila olmaymiz sizni, deb aytishdi", - deydi Guliston.
BMT Qochqinlar agentligining bildirishicha, Suriyada urush boshlanganida Rossiyadan boshpana olishni istaganlar ko'proq edi. Bugun taxminan 1600 nafar.
Rossiya Suriyada olib borayotgan havo hujumlari qo'shni davlatlarda qochqinlar sonini oshirishi mumkin, lekin Rossiyada emas. Chunki amaldagi hukumatga qarshi kurashayotgan fuqarolar biladiki, Rossiya ular tomonida emas.