Afg’onistondagi qiyin iqtisodiy sharoit hamda xavfsizlik ta’minlanmagani sababli mamlakatni tark etish niyatida yurganlar keskin oshgan. Xorijga chiqish huquqini beradigan pasport olish uchun ariza topshirayotganlar ko’p.
Poytaxt Kobulda har kuni erta tongda yuzlab erkak va ayollarning pasport idorasida navbat kutayotganini ko’rish mumkin. Bundan bir yil oldin pasport olish ikki kunlik ish edi. Endi esa ariza toshirganlar 40 kungacha kutadi.
Pasport idorasi rahbari Sayid Umar Saburning bizga aytishicha, kuniga taxminan 10 ming odam ariza topshiryapti, aksariyati mamlakatdan butunlay ketmoqchi.
“Xizmatchilarimiz ikki smenadan ishlasa-da, talabni qondira olmayapmiz. Muammo yanada jiddiylashadi, deb qo’rqaman”, - deydi u.
Yevropaga qochayotganlar
Qariyb 40 yillik urush oqibatida Afg’oniston infratuzilmasi yer bilan yakson bo’lgan. G’arb qo’shinlari mamlakatdan chiqib ketganidan buyon gumanitar tashkilotlar ham yordamni kamaytirdi. So’nggi yillarda kuzatilgan o’sish sekinlashgan.
Yevropaga yo'l olgan yuzlab ming qochqinlar orasida afg’onlar ko’p. Yaxshiroq hayot izlab, Germaniya, Avstriya va boshqa mamlakatlarda boshpana so’ramoqda. Boshqalar qatorida ular ham kontrabandachilarga minglab dollar pul to’laydi, O’rta dengizdan o’tib olish uchun hayotini xavf ostiga qo’yadi.
Pasport idorasi tashqarisida navbatini kutayotgan Rizvon Ulloh “Afg'onistonda ish yo'q, pasportimni olsam chet elga ketmoqchiman, oilamni boqishim kerak”, deydi.
Prezident Ashraf G’ani Qurbon hayit bayrami munosabati bilan xalqqa tabrigida hukumat mahalliy taraqqiyot va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish orqali iqtisodiy ahvolni yaxshilashga bel bog’laganini aytdi.
“Keling, birgalikda o'zimiz uchun porloq kelajak yarataylik. Birinchi qadam - umidsizlikni chetga surib, ishga kirishish”, - dedi prezident.
G’ani urush barcha afg’onlarga, shu jumladan ish qidirib xorijga chirib ketayotgan yoshlar yelkasiga katta yuk bo'lib tushganini aytdi.
Va’dalarga ishonmayotganlar
BMTning Afg’onistonga yordam missiyasi rahbari Nikolas Heysomga ko'ra, xalqaro tashkilotlar yordami kamayar ekan, hukumat oldida iqtisodiyotni oyoqqa turg'izish va xavfsizlikni ta’minlash kabi jiddiy vazifalar turibdi.
“Ko’plab afg’onlar ertangi kunni o'ylab, umidini yo’qotmoqda. Afg'onistonga xalqaro yordam davom etishi lozim. Aks holda, dunyoda qochqinlar yanada ko'payadi", - deydi BMT rasmiysi.
Ammo aksar afg’onlar Prezident G’ani va boshqa rasmiylar bergan va’dalarga ishonmaydi.
Ular davlat idoralarida korrupsiya chuqur ildiz otgani, xususan, adliya sohasida islohotlar amalga oshirilmayotgani, buning oqibatida jinoyatga qo’l urgan odamlar hukumatdagi tanish-bilishlari orqali javobgarlikdan qochayotgani haqida shikoyat qiladi.
Mamlakat bo'ylab Tolibon hujumlari ko’paygan. BMT shu yilning birinchi yarmida tinch aholi orasida talafotlar ayniqsa ko’p bo’lganini qayd etadi.
Afg’on hukumati va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralaridan hozircha darak yo’q. Bu degani, mamlakatga xorijiy sarmoyadorlar ham kirishga shoshilmaydi.