Breaking News

Putin nazarida Suriyadagi talofatlarda Assad aybdor emas


Putin "Bild" nashri bosh muharriri Kay Diekmann (o'ngda) va gazeta muharrir muovini Nikolaus Blome bilan suhbatda. Sochi, 5-yanvar.
Putin "Bild" nashri bosh muharriri Kay Diekmann (o'ngda) va gazeta muharrir muovini Nikolaus Blome bilan suhbatda. Sochi, 5-yanvar.

Rossiya rahbari Vladimir Putinning aytishicha, Suriyada aholi orasidagi talofatlarda isyonchilar va ularning xorijiy hamkorlari aybdor, Prezident Bashar al-Assad emas.

Putin Germaniyaning "Bild" gazetasiga intervyu berib, Assad hukumatga qarshi qurol ko'targan odamlar bilan olishayapti, deya ta'kidlagan. Suriya rahbari xatolar qilgani haqiqat, lekin zo'ravonlik ko'lamida uni ayblash to'g'ri emas, deydi Rossiya prezidenti.

"Bu nizo Suriyadan tashqaridagi kuchlar tomonidan alanga oldirilmaganida, qurol, pul va jangchi safarbar qilinmaganida, bunday asoratlar bilan yuzlashmas edik", - deydi Putin.

"Bunda kim aybdor? Davlatni saqlab qolishga urinayotgan Assad ma'muriyatimi? Yoki yurtni mayda-mayda qilishga urinayotgan, hukumat bilan olishayotgan isyonchilarmi?" - deya so'raydi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyada kelasi yarim yilda otishmani to'xtatish, yangi konstitutsiya ustida ish boshlash va kelasi yili saylovlar o'tkazish rejasini olg'a surmoqda.

Putinning aytishicha, saylovdan oldin Assad kelajagini muhokama qilishga, u mamlakatda qolish-qolmasligini o'ylashga erta. Rossiya rahbari Assadni o'z davlatida qabul qilishi mumkin ekaniga ishora qilgan.

2013-yilda AQSh milliy xavfsizlik xizmatida kontraktor bo'lib ishlagan, maxfiy hujjatlarni fosh etgan Edvard Snoudenni qabul qildik-ku, deya eslatadi Rossiya prezidenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG