Breaking News

Damashqda Rossiya elchixonasi nishonga olindi


Damashqdagi namoyishda odamlar Rossiya va Prezident Vladimir Putinga minnatdorchilik bildirmoqda, Suriyda, 13-oktabr, 2015-yil
Damashqdagi namoyishda odamlar Rossiya va Prezident Vladimir Putinga minnatdorchilik bildirmoqda, Suriyda, 13-oktabr, 2015-yil

Bugun Suriya poytaxti Damashqda Rossiya elchixonasi jangarilar hujumiga uchradi. Elchixona tomon ikkita raketa otilgani aytiladi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, terrorchilar "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotni qo'llab-quvvatlayotganlarni shu tariqa qo'rqitmoqchi.

Kecha Moskvada "Islomiy davlat"ga aloqadorlikda gumon qilingan bir necha odam shaharda xuruj rejalashda ayblanib hibsga olingan. Ba'zilarining Suriyada harbiy tayyorgarlikdan o'tgani aytilmoqda.

Al-Qoidaga aloqador Al-Nusra fronti jangari guruhining rahbari Abu Muhammad Jo'laniy Rossiyadagi tarafdorlarini xurujlar uyushtirishga chaqirdi.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura bugun Moskvada rasmiylar bilan uchrashmoqda. Mistura Suriya mojarosiga siyosiy yechim izlamoqda.

Kreml Suriya Prezidenti Bashar Assadni qo'llab-quvvatlaydi va muxolifatning u bilan ishlashga tayyor vakillarini muloqotga chorlaydi. Biroq Qo'shma Shtatlar Assad ketsin, deya unga qarshi jang qilayotgan isyonchilarni qo'llab-quvvatlamoqda.

Kecha AQSh samolyotlari isyonchilar nazoratidagi hududlarga 50 tonna qurol-yarog' yetkazgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu chorani keskin tanqid qildi. Unga ko'ra, qurollar "Islomiy davlat" va boshqa jangari guruhlar qo'liga tushishi mumkin.

"Bunday bo'lmasligini kim kafolatlay oladi?" - deb so'radi Putin.

Rossiya Mudofaa vazirligi tarqatgan ma'lumotga ko'ra, so'nggi 24 soat ichida uning Suriyadagi harbiy samolyotlari terrorchilarga qarashli obyektlarni 86 bor nishonga olgan.

Suriyaliklar Rossiyaning jangarilarga qarshi harakatini olqishlab, poytaxt Damashqda namoyishga chiqdi. Tadbirda Rossiya bayroqlari, Putinning portretlari olib o'tildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG