BMT rasmiylari va Suriyada hokimiyat uchun kurashayotgan kuchlar turib qolgan muzokaralarni jonlantirishga bel bog'lamoqda. Muloqot 4-6 hafta davom etadi. Unga elchilar, ekspertlar ham jalb etilgan.
BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura hokimiyatga da'vo qilayotgan har bir guruh yetakchilari bilan alohida uchrashib, mamlakatdagi og'ir ahvolni muhokama qiladi.
BMT matbuot kotibi Ahmad Favzining aytishicha, Mistura har bir tomon qarashlarini o'rganib, muzokaralarni 2012-yilda Jenevada imzolangan bitim asosida olib borishga harakat qiladi. Hujjatning shartlaridan biri Suriyada muvaqqat hukumat tuzish haqida edi. Muzokaraga taklif etilganlar ro'yxati katta, deydi Favzi "Amerika Ovozi"ga.
“Suriya fojiasi ta'siridagi har bir tomon - mintaqadagi davlatlar bo'ladimi, qo'shni mamlakatlar bo'ladimi, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a'zosi bo'ladimi, barchasi taklif etilgan. Mistura avval hukumat va muxolifatning Suriyada tug'ilgan vakillari bilan uchrashadi, so'ng boshqalar bilan", - deydi BMT so'zlovchisi.
Muloqotga AQSh, Rossiya, Eron, Turkiya va Saudiya Arabistoni diplomatlari chaqirilgan. "Islomiy davlat" va "Jabhat al-Nusra" terrorchi tashkilotlar bo'lgani uchun ular taklif etilmadi, ammo bu guruhlar bilan muloqot qilayotgan, ular bilan aloqasi bor shaxslar majlisda qatnashadi, deydi Favzi.
Bungacha Jenevada ikki bor muloqot o'tkazilgan edi, ammo ulardan samara bo'lmagan. Staffan de Mistura bu murakkab mojaroga yechim topish yo'llari bilan shug'ullanayotgan BMTning uchinchi maxsus vakilidir. Uning vazifasi yanada qiyinroq, deydi kuzatuvchilar, chunki Suriyada gumanitar vaziyat va siyosiy iqlim ancha yomonlashgan.
Suriyada fuqarolar urushining beshinchi yili avjida ekan, xalqaro tashkilotlarga ko'ra, shu kungacha 220 mingdan ziyod odam nobud bo'lgan, mamlakatdagi 22 million aholining yarmidan ko'pi uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan.
Ayrim diplomatlar Mistura sa'y-harakatlari muvaffaqiyat keltirishiga ishonmaydi.
Rossiya yangi muloqot Suriyadagi siyosiy kuchlarning terrorga qarshi birga harakat qilishiga, qo'shma hukumat tuzishiga yetaklashiga umid qilmoqda.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan uchrashishga, fuqarolar urushiga barham berishda vositachi bo'lishga tayyor ekanini bildirgan.
Ahmad Favzining aytishicha, muloqot so'nggida biror kelishuvni e'lon qilish rejasi yo'q.
“Odatda ishtirokchilar imzolaydigan yakuniy bayonot qabul qilinishini kutmaymiz. Muzokaralar to'rt haftadan olti haftagacha davom etishi kutilmoqda. Maxsus vakil jarayon so'nggida muloqot mazmuni va natijalari, yutuqlar bo'lsa, ularni ham tahlil qilib, so'ng BMT bosh kotibiga o'z bahosi va tavsiyalarini taqdim etadi", - deydi Favzi.
BMT rasmiysiga ko'ra, yopiq eshiklar ortidagi muloqot seshanba kuni boshlanadi. Maxsus vakil va uning o'rinbosari avval har bir tomon bilan alohida uchrashadi. Bir soat, balki olti soat, balki undan uzoqroq.