Yoshlarning radikal g’oyalarga berilib, ekstremist guruhlarga qo’shilib ketayotgani ko’plab jamiyatlar uchun katta muammo. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ekspertlarni chaqirib, ulardan maslahat so’ramoqda.
Yosh erkak va ayollar sarguzasht izlab, yana kimdir g’oya va boylik ortidan qurollangan guruhlarga ergashmoqda. Dunyoda hukmronlik qilamiz degan va’dalarga uchib, xorijga ketmoqda.
BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida AQSh elchisi Samanta Pauer “Islomiy davlat” singari terrorchi tashkilotlar yoshlarni turli yo’llar bilan o’z safiga jalb etayotgani haqida so’zladi. Internet ular qo’lida eng kuchli qurol.
“Tan olish kerak, yangi a’zolarni topishda terrorchi to’dalar moliyani ayamayapti, texnologiyadan ham bizdan ko’ra yaxshiroq foydalanyapti. Kurash natija bersin desak ularga yetishib olishimiz lozim”, - deydi diplomat.
Radikalizm sabablarini o’rganuvchi markaz direktori Piter Nyumanning aytishicha, hozir Suriya va Iroqda jang qilayotgan yevropaliklar soni to’rt mingga yetay deb qoldi. Amerikaliklar 200 ga yaqin. Ko’pi G’arb jamiyatlarida o’z o’rnini topa olmagan yoshlar.
“Jamiyatga qo’shila olmagan, o’zini begona deb biladigan yigit-qizlar nafratga to’ladi. Bundaylar mamlakatni tark etishi ham oson”, - deydi u.
Yaqin Sharq mintaqasiga yo’l olganlarning aksariyati “Islomiy davlat”ga qo’shilgani ma’lum. Antropolog Skot Atran yaqinda Iroqdan qaytdi. Bu guruhga a’zo bo’lgan o’smirlar bilan suhbatlar o’tkazgan.
“Ularning Qur’on va hadislardan, o’tmishdagi xalifalardan xabari yo’q. Islom haqida al-Qoida va “Islomiy davlat”dan saboq olishgan”, - deydi tadqiqotchi.
Afrikada yo’qsillik, ishsizlik va mojarolar sabab Boko Haram va al-Shabab singari radikal tizimlarga qo’shilganlar ko’p. Qishloqlarni vayron qilgan, odamlarni garovga olgan, Nigeriyada yuzlab qizlarni o’g’irlagan mana shu guruhlardir. Yaqinda Keniyadagi Garissa universitetida 148 talaba otib o’ldirildi.
Xavfsizlik Kengashi majlisiga Iordaniya shahzodasi Husayn Abdulla raislik qildi. Uning aytishicha, mutaassiblikka berilayotganlar asosan yoshlar, lekin yechim ham yosh avlod qo’lida. Iordaniya ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda yoshlarning roliga bag’ishlangan xalqaro anjuman o’tkazishga tayyor.