Breaking News

Bashar al-Assaddan keyin Suriyani nima kutmoqda?


Suriya poytaxti Damashqda 18-iyul kuni hukumat majlisida paytida ro’y bergan portlash mojaroning burilish nuqtasi bo’ldi deya ta’riflanmoqda.



Xurujda oliy lavozimdagi rasmiylar, jumladan mudofaa vaziri va prezident Bashar al-Assadning pochchasi halok bo’lgan. Ramazon oyida qo’zg’olon hal qiluvchi pallaga kirishi kutilmoqda.

Poytaxtda armiya va isyonchilar o’rtasida to’xtovsiz janglar, rasmiylarni o’ldirgan qaqshatqich portlash… Bashar al-Assad yana qancha hokimiyatda qolishi mumkin?

Bayrutdagi Amerika Universiteti professori Hilol Xashan fikricha, tuzum qulashiga oz qoldi.

“Prezidentning kuni bitdi desa ham bo’ladi. U Latakiya shahriga qochgani haqida ma’lumotlar bor. Armiya Damashqda qanday harakatlanayotgani, uni xonavayron qilganidan bilsa bo’ladiki, ular shaharni dushman manzili deb bilishadi. Poytaxtni ham ayashmayapti”, - deydi Xashan.

Suriyaning port shahri Latakiya - alaviylar vatani. Agar davlat rahbari o’sha yerda jon saqlayotgan bo’lsa, deydi suhbatdosh, Liviya ssenariysi takrorlanadi deyavering. Polkovnik Muammar Qaddafiy ham qo’zg’olonning so’nggi kunlarida o’z qabilasi bag’ridan panoh topgan edi.

Livan-Amerika Universitetida siyosatshunos Imad Salomiy ham so’nggi voqealar 16 oylik mojaroda burilish yasaganini aytadi.

“Bomba xuruji xavfsizlik apparatiga qattiq zarba bo’ldi, muxolifatchi guruhlarni ruhlantirib yubordi. Armiyaga ko’rsatma berib turgan qo’mondonlar endi yo’q. Ayni paytda hukumat isyonchilar bilan qanday kurashish borasida aniq strategiyaga ega emas”, - deydi professor.

Imad Salomiy fikricha, muborak Ramazon oyida Suriyada ko’p narsa hal bo’ladi. Voqealar tezlikda rivojlanyapti, hukumat yaqin kunlarda bo’linib ketishi mumkin, deydi u.

Shu oy boshida prezident Assadning do’sti, qurolli kuchlar qo’mondoni general Manaf Tlass hukumatdan yuz o’girib, Fransiyaga qochgan. Tlass mamlakatda yaxshi tanilgan, nufuzli sunniy musulmonlar oilasidan edi. Bu shundan dalolatki, armiya boshida turgan sunniy yetakchilar orasida ham kayfiyat o’zgarmoqda.

Agar Assad rejimi qulasa, undan keyin nima bo’ladi? Mamlakatdagi turli diniy va etnik guruhlar o’rtasida hokimiyat uchun kurash avj oladimi?

Hilol Xashan tahlilicha, Suriya Saddam Huseyndan keyingi Iroq yo’lidan borishi mumkin. Iroqda kurdlar avtonom o’lka bo’lib ajralib chiqdi, alaviylar ham shunday qilishi mumkin.

22 million aholidan iborat Suriyada sunniy musulmonlar ko’pchilikni tashkil etadi. Shuningdek, bu yerda kurdlar, turkmanlar, armanlar, druzlar, nasroniylar va alaviylar yashaydi.

Yana bir ssenariy, deydi professor, ozchilikdagi guruhlar jamoalarga bo’linib, Suriya federal davlatga aylanishi ham hech gap emas.

Boshqa tahlilchilar esa Suriya kelajagini o’zgacha tasvirlaydi.

“O’tish davri oson bo’lmasligi aniq. Lekin Suriya birlgini saqlab qoladi, jamiyat mazhablar-aro demografik jihatdan bo’linib ketmaydi”, - deya mulohaza yuritadi professor Imad Salomiy.

Uning aytishicha, turli guruhlar orasida murosaga erishish murakkab jarayon, lekin bora-bora Suriya barchaning manfaati birdek ko’riladigan, plyuralistik, demokratik jamiyatga aylanishi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG