Breaking News

BMT kuzatuvchilari Suriyada yana bir oy qoladi


Suriya televideniyesi xabariga ko’ra, milliy xavfsizlik xizmati boshlig’i Hisham Ixtiyor 18-iyulgi portlash natijasida olgan jarohatlaridan jon bergan. Damashqdagi qonli hujumda mudofaa vaziri va yuqori lavozimdagi yana ikki rasmiy halok bo’lgan edi.

Damashq shu kunlarda isyonchilar va armiya o’rtasidagi eng qonli to’qnashuvlarga sahna. Suriya davlat matbuotiga ko’ra, prezident Bashar al-Assadga sodiq kuchlar kuni-kecha Midan viloyatida nazorat o’rnatishga muvaffaq bo’lgan.

Kecha mamlakat bo’ylab janglar avj oldi. Britaniyada asoslangan Suriya inson huquqlari markazining bildirishicha, bir kunning o’zida 300 dan ziyod odam halok bo’lgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida esa Assad ma’muriyatiga qarshi qo’shimcha sanksiyalar qo’yish haqidagi rezolyutsiya ovozdan o’tmagan. Shaharlardan harbiy texnika va zobitlarni olib chiqish, aholiga qarshi hujumlarni to’xtatish talabi aks etgan hujjat Rossiya va Xitoy tomonidan rad etildi.

Xavfsizlik Kengashi bugun Nyu-Yorkda majlis qilib, Suriyadagi BMT kuzatuvchilari missiyasini yana 30 kunga uzaytirdi.

Bu orada, Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan guruhlar Iroq va Turkiya bilan chegaradagi postlarni nazoratga olgan. Iroq hukumati Suriya bilan chegarani yopishga qaror qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG